Breaking News

Amerika tanazzuldan sekin-asta oyoqqa turmoqda, 2011 yildan umidlar


Amerika tanazzuldan sekin-asta oyoqqa turmoqda, 2011 yildan umidlar
Amerika tanazzuldan sekin-asta oyoqqa turmoqda, 2011 yildan umidlar

AQSh Savdo Palatasi 2011-yilda mamlakatda biznes muhit yaxshilanadi deya bashorat qilmoqda.

Amerika iqtisodiyoti 3 foizga o’sishi, xususiy kompaniyalar ko’proq odamni ishga yollashi kutilyapti. Lobbichi tashkilot nazarida, bu yo’lda ayrim muammolar bor - hukumatning iqtisodiyotga aralashuvi va davlat qarzi o’sib borayotgani shular jumlasidan.

2011-yil ijobiy ruhda boshlandi: soliqlarni hozircha past saqlashga qaratilgan qonun ovozdan o’tdi, fuqarolar ko’proq mahsulot xarid qila boshlagan, kompaniyalar o’tgan yili yaxshigina daromad oldi.

Shunga qaramay, deydi Savdo Palatasi prezidenti Tom Donaxyu, vaziyat hali ham qaltis.

“Noyabrdagi saylov natijalari, soliq imtiyozlari va janubiy Koreya bilan savdo bitimi imzolangani biznes ahliga dalda bo’ldi. Biroq mavhumliklar hali ham ko’p”.

Donaxyuning aytishicha, ko’chmas mulk va qurilish sanoati hamon krizisda. Neft qimmatlab borayotgani inflyatsiyaga yetaklashi ehtimoli bor.

Savdo Palatasi hisob-kitobi bo’yicha 2,5 million yangi ish o’rinlari yaratilgan taqdirda ham, ishsizlik darajasi yuqoriligicha qolaveradi, deydi tashkilot prezidenti.

“Amerikada hozir 27 million kishi ishsiz, yo kam maosh oladi, yo ish topolmay xunob. 2,5 million ish o’rni umumiy ishsizlik darajasini atigi bir foizga pasaytiradi”, deydi Tom Donaxyu.

Muammoni hal qilish va mamlakat eksport salohiyatini oshirish uchun Savdo Palatasi qonunchilardan Panama va Kolumbiya bilan savdo kelishuvlarini tezroq ratifikatsiya qilishga chaqirmoqda.

AQShning 14 trillion dollarlik qarzini qanday ham kamaytirish ustida ham jiddiy o’ylanish kerak, deydi palata rahbari.

“Ishni xarajatlarni kamaytirishdan boshlaylik. Moliyaviy islohot asosiy talab. Byudjet va qarzni tartibga solmasak iqtisodiyot hali-beri o’nglanmaydi”.

Amerikada bizneslar manfaatini himoya qiluvchi guruhlar hukumat inqiroz ketidan nazoratni oshirib, yangi tartib-qoidalarni joriy etayotganidan noliydi. Ayniqsa moliyaviy sektorda.

Donaxyu fikricha, yirik kompaniyalar shu tufayli ham biznesni kengaytirib, ko’proq ishchi yollashga shoshmayapti. Amaldagi murakkab soliq tizimini ham soddalashtirish zarur, deydi u.

XS
SM
MD
LG