2008 yilda ro’y bergan iqtisodiy krizis alomatlari Amerikaning har yerida ko’zga tashlanadi. Millionlab odamlar uy-joyidan ayrilgan.
Hashamatli uylarni katta miqdordagi kredit hisobiga olib, qarzni to’lay olmay, bor mulkini bankka boy berib, kichik uylarga ko’chib, ijarada yashayotganlar katta sonni tashkil etadi.
Navbatdagi qahramonimiz mana shu insonlarga yordam berishga bel bog’lagan.
U bolaligidan mitti uylarning shaydosi bo’lgan.
“Singlim ikkimiz har hafta hayhotdek uyimizni tozalar edik",-deydi Jey Sheyfer.
O’qishni bitirgach u bolalikdagi orzisini amalga oshirishga kirishdi.
“Inson chinakkam baxtli bo’lishi uchun nima kerak? Xotirjam, shod-xurram yashash uchun katta uyda, yuz xil jihoz bilan kun kechirish shart emas. Shuning uchun men keraksiz buyumlardan voz kechganman",- deydi u.
Jey Sheyfer mana 10 yildir-ki katalakdek uyda istiqomat qiladi. Uning uyi hammom, oshxona va ikkinchi qavatdagi yotoqxonadan iborat.
Turmush qurgach sal kattaroq uyga hojat tug’ildi.
Jey hech ikkilanmasdan turmush o’rtog’i Marti bilan birga hozirgi uyidan 5 karra katta, lekin odatiy Amerika uylaridan besh karra kichik uy qurib, ko’chib kirdi.
1950-yillarga xos ko’rinishdagi bu uyda maza qilib yashayapmiz, Marti Sheyfer.
“Yanada kichiqroq qilib, o’zgartirishlar kiritmoqchimiz. Oshxona qismiga”, - deydi rafiqasi.
Jey tashkil qilgan “Tumbleweed” shirkati mamlakat bo’ylab 300 dan ziyod mitti uy qurib egalariga topshirgan. Bu uylarning narxi 50 ming dollar atrofida. Bu AQShdagi normal uylardan besh barobar arzon. Uy egasi qurilishga ko’proq yordam bersa, yana ham arzonlashishi mimkin.
Jyuvels Peyn 16 kvadrat metrlik uyga xonadoshi Molli bilan yaqinda ko’chib kirgan.
“Bu uyni o’z qo’limiz bilan qurdik. Qurishdan oldin ko’p izlandik”, - deydi peyn honim
“Kichkina emasmi deysizmi ? Albatta kichkina! Biz shuni xohlaganmiz. Bizga yoqadi", - deydi uning xonadoshi Molli.
AQShda qurilayotgan uylar yil sayin hajmi jihatidan kichrayib bormoqda.
Har jihatdan arzon, ko’rkam bu xonadonlar isrofgarchilikning oldini olish uchun ayni muddao, deydi Jey Sheyfer.
Odamlar ko’rpaga qarab oyoq uzatishni o’rganayapti.