Kecha AQShda Mehnatkashlar kuni nishonlandi. Prezident Obama Michigan shtatida ma'ruza qilib, muxolifatni mamlakat infratuzilmasini yaxshilashga, xususan, yo'l va ko'priklarni ta'mirlashga qo'shimcha mablag' ajratishga chaqirgan.
Michigan Amerikada avtomobilsozlik borasida yetakchi shtat hisoblanadi. "Ford", "Chrysler", "General Motors" kompaniyalarining qarorgohi Detroyt shahrida joylashgan. Ammo mamlakat moliyaviy tanazzulga uchraganidan beri minglab odamlar ishsiz qolgan. Ishsizlik shtatda mamlakatdagi ko'rsatkichlardan bir oz yuqori - 9,3 foiz atrofida. Detroytda esa 20-30 foiz atrofida.
Payshanba kuni prezident Obama Kongressning har ikki palatasi oldida so'zlab, ishchilarni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan yangi ijtimoiy dasturini e'lon qilishi kutilyapti. Muxolifatdagi respublikachilar tashabbus uchun bir tiyin ham ajratmaymiz, demoqda.
Prezident saylovlarida respublikachilardan yagona nomzodlik uchun kurashayotgan arboblardan besh nafari kecha Janubiy Karolina shtatida uyushtirlgan forumda ishtirok etib, hokimiyatga kelgan taqdirda hukumatni kichraytirib, soliqlarni tushirishga va'da bergan.