Breaking News

Minglab odamlar ishsiz Amerikada bugun mehnatkashlar kuni bayram qilinmoqda


Mehnatning qadr-qimmati va zahmatkash insonlarni ulug’laydigan bu bayramni amerikaliklar har yili sentabr oyining birinchi dushanbasida nishonlaydi. AQShda 19-asr so’nggida quloch yozgan ishchilar harakati mashaqqatli yo’lni bosib o’tgan.

Mehnatkashlar kuni aksar amerikaliklar uchun yoz fasli tugashidan darak beruvchi bayram. Uch kunlik dam olishni ayrimlar oilasi bilan saylgohda yoki tabiat qo’ynida o’tkazadi.

Mehnatkashlar kuni AQShda 1882 yildan beri nishonlab kelinadi. Ilk bor Nyu-Yorkda parad-namoyish shaklida o’tgan. Undan maqsad – ichshi-mehnatkashlar va ular ishtirokida tuzilayotgan tashkilot-uyushmalarning salohiyatini ko’rsatish, hukumatdan ular bilan hisoblashishni talab etish edi.

“Jamiyatning muayyan bir qatlami - ishchi-mehnatkashlarning yurt ravnaqiga qo’shgan hissasini ulug’laydigan yagona bayram shu Amerikada”, - deydi tarixchi olim Joshua Friman.

Uning hikoya qilishicha, mamalakatda qulchilikka barham berilishi va ishlab chiqarish sohasiga bug’ dvigateli kabi innovatsion texnologiyalar kiritilishi bilan, kasaba uyushmalarining jamiyatdagi roli ham o’zgarib borgan.

“AQSh iqtisodiyoti XIX asrda, ayniqsa fuqaro urushidan so’ng tez sur’atda o’sib, metallurgiya, temir yo’l va to’qimachilik sanoatlari minglab odamni ish bilan ta’minlaydi. O’sish dinamikasi nafaqat iqtisodiyot, balki butun jamiyat hayoti, turmushi, siyosat, madaniy sohada ham o’zgarish yasaydi”.

Bu mehnatkashlarning jamoalarga uyushish davri edi. Biroq ish soatini qisqartirib, maoshlarni oshirish talabi daromadning beliga tepishini sezgan korporatsiyalar bu harakatga qattiq qarshilik ko’rsatadi.

“Ishchilar sinfini birlashtirish uchun kurash va namoyishlar avjga chiqib, va nihoyat 1930-yillarda General Motors va Ford singari yirik kompaniyalar xizmatchilari kasaba uyushmasi tuzishga erishadi”.

Natijada, deydi olim Joshua Friman, qul qilib ishlatilgan ishchi-mehnatkashlar endi jamoa bo’lib korxona egalari bilan shartnoma imzolash, dam olish, haq-huquqlarini talab qilish va ish tashlash huquqini qo’lga kiritadi.

Durust maosh va qulay ish sharoiti Amerikada uy-joy va mashina sotib olishga, farzandlarini o’qishga yuborishga, safarga chiqishga qurbi yetadigan ishchilar sinfini shakllantira boshlaydi. Cho’ntagi baquvvat fuqaro korporatsiyalar uchun mijoz-xaridor degani. Mahsulotga talab esa iqtisodiy o’sish kaliti.

Ikkinchi jahon urushidan keyingi yillar Amerika kasaba soyuzlarining oltin davri sanaladi. 1950-yillar boshida mehnatkashkashlarning 30 foizi ularga qo’shilgan.

“Bu hamon ozchilik, lekin ular iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini egallab bo’lgan edi – metallurgiya, mashinasozlik, konchilik, transport, qurilish va hokazo.

Ishchi manfaatini ko’zlovchi me’yor-standardlarni ular belgilagan, boshqa sohalar ularga ergashgan”.

Bugun manzara ancha boshqacha, deydi tarixchi olim. 1970-yillardan boshlab kasaba uyushmalariga a’zolik keskin kamayib, ular avvalgi nufuzga ega emas. Iqtisodiy krizis tufayli ish topish qiyinlashgani sabab ko’pchilik oz maoshga ham rozi.

Amerikadagi yirik kompaniyalar esa chetda, rivojlanayotgan davlatlarda korxona ochib, arzon ish kuchi yollashni ma’qul ko’radi. Mahsulotni esa G’arbda sotib, yuqori daromad olishadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG