Prezident Obamaning aytishicha, jahondagi iqtisodiy krizisni hal etish uchun davlatlar shaxdamroq harakat qilishi zarur. Shu hafta AQShning Pittsburg shahrida sanoatlashgan 20 davlat rahbarlari vaziyatni muhokama etadi.
Prezident Obamaning aytishicha, Katta Yigirmalik guruhi aprel oyidagi sammitdan so'ng qilingan ishlarni sarhisob etib, jahon moliya tizimini tartibga solish yo'llari haqida gaplashadi.
"Moliya va bank tizimi nazoratiga doir qoidalarni jahon bo'ylab birday joriy etish kerak. Krizisga sabab bo'lgan mas'uliyatsizlikka chek qo'yish lozim," deydi Obama.
AQSh prezidentiga ko'ra Amerikada bu borada ko'p ishlar qilindi.
"Moliya tizimimiz tez foyda ko'rish maqsadida yuzaga kelgan mas'uliyatsizlik qurboniga aylandi, soliq to'lovchilar esa buning uchun javob berishga majbur. Bunga ortiq yo'l qo'ymaslik kerak," deydi prezident.
Barak Obama moliya bozorini qattiq nazorat qilib, mijozlarning aldanib qolishining oldini olish bilan shug'ullanuvchi yangi idora tuzishni taklif qilmoqda.
"Eski tizim tufayli odamlar keragidan ortiqcha kredit olgan, mujmal tuzilgan shartnomalarga qo'l qoygan. Xatoni tuzatish, qoidalarni ravshan qilib, nazoratini kuchaytirish kerak. Bu yangi boshqarma zimmasida bo'ladi," deydi Obama.
Prezidentning aytishicha, iqtisodiyot yana o'sishda davom etadi, ammo ishsizlik muammosi hali-beri hal bo'lmaydi.