Prezident Barak Obama Guantanamo qamoqxonasini yopish qarorida qat'iy. Qo'shma Shtatlar u yerdagi 17 uyg'ur mahbusni qiynoq xavfi bois ularni Xitoyga qaytarmaydi. Palau oroli ularning bir qismini qabul qilishini aytgan. Bugun ma'lum bo'lishicha, 4 uyg'ur Bermuda oroliga ko'chirilgan.
Xitoy ularni terrorchilik, bo'lginchilik
va diniy ekstremizmda ayblaydi. AQSh qonunchilari esa uyg'ur ozodlik
harakatidan maqsad nima ekanini tushinishga harakat qilyapti. Ular
Xitoyning uyg'urlarga nisbatan siyosati mavzusida bir necha mutaxassis
fikrini tinglagan.
AQShdagi ba'zi siyosatchilar uyg'urlarga yordam qo'lini cho'zishdan oldin ularning maqsadlarini bilmoqchi. Xitoydan mustaqil bo'lajak uyg'ur davlati dunyoviy tuzum tarafdorimi bo'ladimi yoki Qo'shma Shtatlar o'z boshiga yangi dushman orttiryaptimi? Ko'pchilikning xayoliga 1980 yillarda Sovet tuzumiga qarshi kurashda AQShning Tolibonga yordami keladi. Hozir esa Qo'shma Shtatlar toliblarga qarshi jang qilmoqda.
"Uyg'urlar shariatga asoslangan davlat tuzumi tarafdorimi," deb so'raydi kaliforniyalik respublikachi kongressmen Dana Rorabaker tinglovga to'plangan uyg'ur faollaridan.
Vashingtondagi uyg'ur huquqshunos Nuri Turkel 20-asrda tashkil topgan uyg'urlar respublikasining har ikkisiga ham dindor arboblar asos solgan, ammo tuzum dunyoviy bo'lgan, deb javob qaytardi.
"Xitoy uyg'urlar ozodlik harakatiga diniy tus berib, yolg'on tashviqot bilan jahon hamjamiyatini uyg'urlarga qarshi qayrayapti. Amerika xalqida uyg'urlar haqida yetarlicha xolis ma'lumot yo'q. Xitoy tashviqotiga qarshi kurashish uchun uyg'urlar mana shunday tadbirlarda tez-tez qatnashib turishi, AQSh qonunchilari bilan muntazam muloqotda bo'lishi, vaziyatga xolisona baho berishi uchun qonunchilarni Sharqiy Turkistonga taklif qilishi kerak. Shundagina uyg'urlarning da'vosi ham, tibetliklar da'vosi kabi, xalqaro darajaga chiqadi," deydi Turkel.
Texas shtatidan respublikachi kongressmen Ted Poning aytishicha, Xitoy AQShning eng yirik savdo hamkori ekani, Amerika Xitoyga ko'p pul qarz bo'lgani sabab ushbu mamlakatdagi ko'p muammolarga ko'z yumiladi.
"Xitoyning uyg'urlar haqidagi hech bir gapiga ishonmayman," deydi qonunchi.
Jahon uyg'urlari kongressi rahbari Robiya Qodirning aytishicha, Xitoy 2001 yil 11 sentyabr voqealari ketidan G'arbda musulmonlarga nisbatan salbiy munosabatdan foydalanib, o'z ozodligi uchun kurashayotgan uyg'urlarga ham terrorchi tamg'asini bosgan.
"Xitoy uyg'urlar madaniyati, tili, tarixi, turmush tarzini toptayapti. Yosh qizlarimizni xitoylashtirish maqsadida o'qish va ishga uzoq viloyatlarga majburan jo'natmoqda. O'z yerimizda o'z tilimizda erkin so'zlasha olmaymiz. Uyg'urlarning ahvoli jahondagi ko'p xalqlar, hattoki urush ketayotgan mamlakatlar ahvolidan ham yomon. Xitoy uyg'urlar ozodlik harakatini AQShga diniy kurash sifatida ko'rsatishga harakat qilyapti. Xitoy bosimi ostida Pokiston, O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston kabi musulmon davlatlar begunoh uyg'urlarni Xitoyga tutib bermoqda," deydi Robiya Qodir.
Ammo oxir-oqibatda xalqaro hamjamiyat yordamida istiqlolga erishamiz, deydi u.
Kongressdagi tinglovda Guantanamoda saqlanayotgan 17 uyg'ur mahbusning taqdiri ham muhokama etildi. Tinch okeanida joylashgan Palau oroli ma'muriyati ularning bir qismini vaqtinchalik qabul qilishga rozi.
Orol Filippindan 700 kilometr narida joylashgan bo'lib, aholisi 20 ming atrofida. Uyg'urlarning qolgani Avstraliya va Germaniyaga yo'l olishi mumkin.
Kongressdagi tinglovga raislik qilgan qonunchi Uilyam Delaxant uyg'ur mahbuslari bilan suhbat qilish uchun kelajakda orolga safar qilishini aytgan.