AQSh prezidenti Barak Obama bugun Chexiya Respublikasiga yo’l olmoqda.
Pragada AQSh va Rossiya rahbarlari ikki davlat atom qurollarini kamaytirishga, arsenalning uchdan bir qismini yo’q qilishga doir hujjatni imzolaydi.
Kremlning sharti shuki, AQSh Yevropada rejalagan raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimi Rossiyaga tahdid solsa, Moskva bitimni bekor qiladi.
Obama kecha AQShning yadroviy strategiyasini e’lon qilar ekan, atom quroli tarqalishining oldini olish va yadroviy terrorizmga qarshi kurash – asosiy masala, degan. Bu pozitsiya ekspert va qonunchilar orasida turlicha fikr uyg’otmoqda.
Prezident Obama bayon qilgan yangi strategiyaga ko’ra, Qo’shma Shtatlar mudofaa sohasida yadro qurollari rolini kamaytirish qarorida qat’iy. Hujjat mavjud harbiy zaxiradan foydalanish, terrorizmning oldini olish va yadro quroli tarqalishiga yo’l qo’ymaslikka uyg’u beradi.
AQSh Davlat kotibasi Xillari Klintonning aytishicha, yangi strategiya Amerika yadro siyosatiga sayqal beradi, uning mudofaa salohiyatini charxlaydi. “Qo’shma Shtatlar azaldan o’zini va ittifoqchi davlatlarni himoya qilib, tinchlik va xavfsizlikni ta’minlab kelgan. Yangi nizom ham bu siyosatning uzviy davomi”, deydi Klinton.
Yangi hujjatga muvofiq, AQSh yadro arsenaliga ega bo’lmagan, uni izlamagan va tarqatmagan davlatlarga qarshi bunday qurol qo’llamaydi. Hatto bu davlatlar Amerikaga bilogik yoki kimyoviy qurol bilan hujum qilsa ham.
Mudofaa vaziri Robert Geyts nazarida atom qurolini tarqatmaslik haqidagi qonunlarni buzgan davlatlar javob berishi kerak. “Eron va Shimoliy Koreya ogoh bo’lsin”, deydi vazir. “Bu ikki davlat xalqaro qonunlarni hurmat qilsa, ma’qul. Aks holda har qanday jazo chorasini ko’rib chiqishga tayyormiz”, deydi AQSh mudofaa vaziri. Ammo Geytsning aytishicha, jazo sifatida yadro qurolini qo’llash – eng so’nggi chora.
Harbiy tahlilchilar fikricha, yangi yadroviy siyosat Amerikaning mudofaa salohiyatiga ziyon qilmaydi, aksincha. Ammo ayrim qonunchilar yangi atom quroli yaratmaslik, faqat boridan foydalanish qaroridan xavotirda.
Rossiya va AQSh prezidentlari ertaga Pragada strategik hujumkor qurollarni kamaytirish bitimini imzolaydi.
Ekspertlarning aytishicha, harbiy arsenal qisqargan taqdirda ham Qo’shma Shtatlar hamon qudratli harbiy zaxiraga ega va o’zini va ittifoqchilarni mudofaa qilishga qodir.