Breaking News

Eron uranni boyitish ishlarini kuchaytirgan


Eron uranni 20 foizda boyitish ishlarini boshlab yuborgan. Mamlakat rasmiylarining aytishicha loyiha asosan Natanz yadroviy inshootida olib borilmoqda.

Atom energiyasi bo’yicha xalqaro agentlik xodimlari bugun bu jarayon bilan tanishgani haqida ham ma’lumotlar bor. Eron atom dasturi rahbari Ali Akbar Solihiyning al-Alam arab telekanalida bayon qilishicha, BMT qoshidagi atom agentligi inspektorlari hozir Tehronda.

“Davlatimiz uranni 20 foizda boyitishga qaror qilgan va bu ishni oshkora olib borayapmiz”,- deydi Solihiy. “Maqsad tibbiy tadqiqotlar uchun ko’zlangan reaktorni ishlatish”.

Lekin Eronni yadroviy qurollar ustida ishlayotganlikda gumon qilib kelayotgan G’arb nazarida islomiy respublika xalqaro qonunlarga xilof ravishda harakat qilishda davom etmoqda.

AQSh, Britaniya va Fransiya yangi choralar ko’rishga tayyor, ammo ular nimadan iborat bo’lishi hozircha noma’lum.

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts bugun Parijda muzokaralar olib borar ekan, Eron bilan til topishish umidi hali so’nmagan deya ta’kidladi.

“Eronga nisbatan diplomatik bosimni kuchaytiramiz. Maqsad masalani tinch yo’l bilan hal etish”,- deydi Geyts.

Fransiya Mudofaa vaziri Erve Moran esa iqtisodiy sanksiyalarni oshirish lozim deb chiqmoqda.

"Shuncha bosim va tanqidga qaramasdan, Eron atom dasturini kengaytirgan va o’z bilganicha yo’l tutishda davom etmoqda. Bu davlat xalqaro hamjamiyat oldida javob berishi kerak”,- deydi Fransiya vaziri.

Atom quroli yasash uchun zarur uran 90 foizda boyitilishi kerak. Eron bunga qodirmi yo’qmi, ekspertlar hali aniq xulosaga kelmagan.

Mamlakat yadroviy dasturi rahbari Ali Akbar Solihiy “Agar G’arb bizga uranni xohlaganimizdek yetkaza olsa, uni boyitishni to’xtatamiz”,- deydi.

G’arb davlatlari esa Eronni o’z pozitsiyasini tez tez o’zgartirib, so’zida turmayotganlikda ayblaydi.

BMT Xavfsizlik Kengashi Eronga uranni chet elda boyitib berishni taklif qilgan edi. Eron bunga aniq javob bermay, turli shartlar qo’ya boshladi, deydi xalqaro atom agentligi rasmiylari, oqibatda G’arb yanada umidsizlanib, yana sanksiya qo’yish haqida o’ylay boshlagan.

Venada asoslangan boshqarma Eron bugun boshlagan ishlar haqida hali hisobot berganicha yo’q.



XS
SM
MD
LG