Breaking News

Klinton: Eronda harbiy diktatura vujudga kelmoqda


AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Fors ko’rfazi bo’ylab safar qilar ekan, bugun Saudiya Arabistoni rahbariyati bilan uchrashmoqda.

Eron yadro dasturi – kun tartibidagi dolzarb mavzu. Klintonning aytishicha, Eronda harbiy diktatura vujudga kelmoqda. Bu orada Tehron uranni boyitish borasida g’arb taklifini ko’rib chiqayapmiz, demoqda.

Xillari Klinton bugun Saudiya Arabistoni qiroli Abdulla va Tashqi ishlar vaziri, shaxzoda Saud al-Faysal bilan uchrashib, Eronga qarshi jazo choralarini muhokama qiladi.

Tehron G’arbning uranni xorijda boyitish taklifiga javob bermagani AQSh va ittifoqchi davlatlarning sabr kosasini to’ldirgan.

Ustiga-ustak o’tgan hafta Eron uranni ko’proq, yuqori foizda boyitish ishlarini boshlaganini aytgan. Qo’shma Shtatlar mamlakatlar bilan yangi sanksiyalarni muhokama qilmoqda.

Amerika Fors ko’rfazidagi ittifoqchi davlatlarni qo’llab, mintaqa mudofaa tizimini mustahkamlashda madad berib keladi. Maqsad – Eron yadro dasturi, raketalaridan himoyalanish.

Biroq bu davlatlar Tehronga sanksiya qo’yish masalasida ikkilanmoqda.

Xillari Klintonning aytishicha, xalqaro hamjamiyat Eron bilan murosaga, adolatli va ochiq muloqotga tayyor. Ammo yashirincha bomba yasayotgan davlat bilan hech kim gaplashib o’tirmaydi, deydi u.

Eron provokatsion xatti-harakati bilan xalqaro hamjamiyatni sanksiya qo’llashga majbur qilmoqda, deydi AQSh rasmiysi. Tehronni gapga ko’ndirish, xavfli siyosatdan qaytarish uchun yangi chora izlashga kirishdik, deydi u.

Xillari Klinton nazarida Eron energiya ehtiyojini vaj qilgani bilan aslida yadro qurolini qo’lga kiritish niyatida. Tehronni javobgarlikka tortadigan vaqt keldi, deydi vazira.

Qatar Bosh vaziri shayx Hamad bin Yassim al-Taniy fikricha, Fors ko’rfazida tinchlik va barqaroqlik – ustuvor masala. Eron bilan dialog-muloqot qilish uchun hali ham imkoniyat bor, deydi u.

Bu orada Eron rasmiylarining aytishicha, Qo’shma Shtatlar, Rossiya va Fransiya uranni boyitish masalasida yangi tashabbusni olg’a surgan. Bu taklifni ko’rib chiqayapmiz, deydi Eron Atom energiyasi tashkiloti rahbari Ali Akbar Salohiy.

Biroq g’arb buni inkor etmoqda. Tehronga o’tgan yil kuzida uranni xorijda boyitish taklif qilingan, deydi Fransiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Bernar Valero. Shundan beri Eron bilan muloqot bo’lmagan.

XS
SM
MD
LG