Eron atom dasturi bo'yicha Bryusselda uchrashgan AQSh va yana besh davlat rasmiylari Tehron uranni xorijda boyitish taklifini qabul qilmaganidan afsusda. Qo'shma Shtatlar Eronga o'shimcha sanksiya qo'yishga chaqirmoqda.
BMT vositachiligida taklif etilgan rejada Eron urani xorijda boyitilib unga qaytarilishi ko'zda tutilgan edi. Xalqaro hamjamiyat Eron yadro dasturi tinch maqsadlarda ekaniga ishonch hosil qilmoqchi. Biroq ikki kun avval rasmiy Tehron rad javobini bergan.
AQSh, Britaniya, Fransiya, Rossiya, Xitoy va Germaniya diplomatlari Bryusseldagi uchrashuvdan so'ng bayonot chiqarib, Eron javobidan afsusda ekanini aytgan va qarorini qayta ko'rib chiqishga chaqirgan.
Atom energiyasi bo'yicha xalqaro agentlikning iste'foga chiqayotgan rahbari Muhammad al Barodiyning aytishicha, Eron jahon hamjamiyati bilan savdo aloqalarini kuchaytirmoqchi bo'lsa, taklifni qabul qilishi lozim.
"Eron Yaqin Sharq, Afg'oniston, Iroq, Suriya, Livan va Falastin tinchligi garovidir. Jahon bilan hamkorlikni yo'lga qo'yishi kerak," deydi al Barodiy.
Eron Tashqi ishlar vaziri Manucher Mo'ttakiy uranni xorijda boyitilishiga yo'l qo'ymaymiz, bizga uranni chetga chiqarmay Eronning o'zida yonilg'iga ayirboshlash afzalroqdir deydi.
Eron yadro inshootlariga hujum qilingan taqdirda havo mudofaa tizimini sinovdan o'tkazish maqsadida yakshanba kuni harbiy mashqlar boshlanishini ma'lum qilmoqda.