Breaking News

Oq Uy: Eronga qarshi bosimni oshirib, yangi sanksiya qo'yamiz


Eron atom dasturini kengaytirib, uranni 20 foizda boyitishni boshlar ekan, AQSh yangi, yirik sanksiyalar qo'yish harakatida.

Prezident Barak Obama nazarida Eronning xalqaro hamjamiyat bilan kelishmay ish tutayotgani, murosa yo'lini tanlamayotgani nafaqat norozilik uyg'otmoqda balki uning yadro maqsadlari haqida shubha va xavotirlarni ham kuchaytirmoqda.

"Eronga qarshi yangi, kuchli va ko'p-qirrali sanksiyalar ishlab chiqamiz. Bu davlat xalqaro hamjamiyatdan qanchalik yakkalanib qolganini tushunib yetadi", - deydi Obama.

Eron uranni tibbiy tadqiqotlar uchun yuqori darajada boyitayotganini ta'kidlamoqda.

Yadroviy qurol yaratish uranni 90 foizda boyitishni talab qiladi. Eronning bugungi salohiyati savol ostida.

Tehron atom dasturidan asosiy maqsad energiya olish va tibbiy izlanishlar uchun mo'ljallangan reaktorni ishga solish deb keladi.

Barak Obama Eron uning murojaatlariga javob bermaganidan afsusda. Amerika rahbari islomiy respublikani bir necha bor ochiq va samimiy muzokaraga chaqirgan.

BMT qoshidagi Atom energiyasi bo'yicha xalqaro agentlik Eronga uranni xorijda boyitib berishni taklif qilgan edi. Eron bunga ko'nmadi.

Obama Eronni xalqaro hamjamiyatga mujmal ma'lumot berib kelayotganikda, uni aldayotganlikda, asl maqsadini oshkor etmayotganlikda ayblamoqda. Eronning yadroviy energiya ishlab chiqarish haqidagi iddaolari quruq safsata degan qarash hukmron.

"Bu davlat qo'yayotgan nomaqbul qadamlar uning asl niyati qurollanish ekanidan dalolat bermoqda",- deydi Obama.

Fransiya Amerika bilan hamfikr ekanini bildirgan va yangi sanksiyalar qo'yish fursati yetdi deb chiqmoqda. Xitoy esa azaldan bunday choralarga qarshilik bildirib keladi.

Barak Obama diplomatiya hali ham ish berishi mumkin deydi.

"Xalqaro hamjamiyat hozir bir yoqadan bosh chiqarib, Eronga bosimni oshirmoqda. Xitoy pozitsiyasini ko'rib chiqamiz",- deydi u.

Sanksiyalarni yoqlamay keladigan Rossiya ham Eronning bugungi siyosatiga shubha bilan qaray boshlagan. Obama Kremlning pozitsiyasi o'zgarganidan va G'arb bilan bu borada yaqindan hamkorlik qilayotganidan mamnun.

"Nazarimda Rossiyaning Eronga ishonchi yo'qolgan, chunki ular ko'rib turibdiki, bu davlat xalqaro hamjamiyat bilan til topishishga, muammoni hal etishga harakat qilmayapti",- deydi AQSh prezidenti.

Yangi sanksiyalar aynan nimada iborat bo'lishi hozircha noma'lum.

XS
SM
MD
LG