Breaking News

Eronga qarshi qo'shimcha sanksiyalar muhokamada


AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Londonda Afg'oniston bo'yicha xalqaro anjumanda ishtirok etar ekan, Eron yadro dasturi mavzusi ham atroflicha muhokama etilgan. Tehronning G'arb takliflarini rad etishi achinarli hol, deydi u.

Xillari Klinton Xitoy tashqi ishlar vaziri bilan bu haqda gaplashgan. BMT Xavfsizlik Kengashi a'zolaridan biri bo'lmish Xitoy nazarida Eronga qarshi yangi sanksiyalardan foyda bo'lmaydi.

Shunga qaramay Vashington va Pekin Eronga qarshi ehtimoliy choralar xususida muloqotni jadallashtirmoqchi.

"Sanksiyalar Eron xalqiga qarshi emas, hukumatiga qarshi qaratilgan", - deydi Klinton.

Unga ko'ra, rasmiy Tehron uran boyitishning muqobil yo'llari bo'yicha BMT vositachiligida unga berilgan taklifdan voz kechishi va Qum shahri yaqinida maxfiy tarzda yana bir uran boyituvchi zavod qurayotgani atom dasturi tinch maqsadlarga qaratilgan degan da'volarini shubha ostiga qo'ymoqda.

"Eron xalqaro qonunlarni buzib, do'q-po'pisa qilmoqda. Bu esa AQSh va hamkor davlatlarni unga kattaroq bosim qo'yishga majbur qilyapti", - deydi Xillari Klinton.

Eron vakillari o'tmishda Afg'oniston xavfsizligiga doir anjumanlarda ishtirok etib kelgan bo'lsa-da, Londondagi tadbirda qatnashmagan.

Britaniya Tashqi ishlar vaziri Deyvid Milibandning aytishicha, Eron konferensiyaga taklif etilgan, ammo vakil yubormaslikka qaror qilgan.

"Bundan afsusdamiz", - deydi Miliband.

Kecha AQSh Senati Eronga benzin eksport qiluvchi va unga neftni qayta ishlash inshootlarini qurishda yordam beruvchi kompaniyalarni jazolashga qaratilgan qonun loyihasini ma'qullagan. Bunday firmalar kelajakda AQShdan kredit yoki boshqa turdagi yordam olishdan mahrum bo'ladi.

XS
SM
MD
LG