AQSh yangi prezident saylar ekan, yonilg’i bahosi va ta’minoti dolzarb masala.
Demokrat nomzod Barak Obama “muqobil yonilg’i manbalariga sarmoya kiritaylik” desa, respublikachi Jon Makkeyn “o’zimizda qora oltin serob, ularni ishlataylik va atom energiyasi ishlab chiqaruvchi zavodlarni ko’paytiraylik” deydi.
AQShda benzin narxi yozdagiga nisbatan ancha tushganiga qaramay, odamlar xavotirda.
Ayrimlar, “neft narxi tushib boryapti deb hukumat muqobil energiya manbalari haqida unutmasa bo’lgani”, deydi.
Boshqalar esa "AQSh neft boyliklariga ega bo’lsa, uni Yaqin Sharqdan sotib olishga ne hojat”, degan fikrda.
Amerika chet el neftiga tobelikdan charchagan. Obama nazarida neft savdosidan faqat Rossiya, Eron va Venesuela manfaatdor.
“Masalani yechmasak bo’lmaydi. Shu sabab men 15 milliard dollar ajratib, 10 yil davomida muqobil energiya manbalarini rivojlantirish va Yaqin Sharq neftidan voz kechishni taklif qilyapman”, - deydi u.
Obama rejasiga ko’ra, hukumat yangi texnologiyalarga pul tikib, energiya va quvvatni quyosh, shamol va suv osti boyliklaridan oladi.
Tadqiqotchi Rik Driskol nazarida bu oqilona taklif.
“Albatta shu kungacha buncha mablag’ ajratish haqida hech kim o’ylamagan edi. Bu kelajak uchun sarmoya. Biroq kengroq manzaraga qarasak, hukumat muqobil energiya uchun hamon juda kam mablag’ sarflanmoqda”, - deydi Driskol.
Floridada okean to’lqinlaridan energiya olish ustida ishlayotgan olimlar Obamaning taklifini olqishlamoqda.
"Prezident kim bo’lishidan qat’iy nazar xususiy sektor bilan ishlab, ularni yangi texnologiyalar ishlab chiqarishga undashi va zamon talabini qondirishga harakat qilishi lozim", deydi tadqiqotchi Driskol.
Makkeyn ham muqobil energiya tarafdori. "Bu maqsadda etanol ishlab chiqarishda yetakchi - Brazilya bilan aloqani kuchaytiray va Braziliya etanoliga qo’yiladigan bojni olib tashlayman",- deydi u.
Makkeyn neftni tashqaridan olmay, okean qa’ridan qazish taklifini olg’a surmoqda.
"O’z neftimizni ishlatsak deyman. Arzon va beminnat. O’zga davlatlarga tobe bo’lmaymiz",- deydi respublikachi nomzod.
Makkeyn prezident bo’lsa, mahalliy neft ishlab chiqarishga qo’yilgan cheklovni bekor qilishini aytgan.
Obama bunga qarshi emas, ammo qora oltin bobida imkoniyatlar cheklangan deydi.
“O’z neftimizni ishlatish bilan muammo yechilmaydi. Sabab bizda dunyo neft zaxirasining 3 foizi bor xolos. Lekin global talabning 25 foizi AQShga to’g’ri keladi”, - deydi demokrat nomzod.
Jorj Pinyon energetika sohasi olimi. Unga ko’ra, AQShning o’zida neftni qazib chiqarishning foydasi bor, ammo bu bilan benzin narxini tushurib bo’lmaydi.
“Bu mutlaqo yanglish nazariya. Qora oltin narxi jahon bozorida belgilanadi. Bu yerda neft qazish faqat xavfsizlik nuqtai nazaridan foydalidir”, - deydi olim.
Biroq eng muhim qaror saylovchilarda. Ularga qaysi bir nomzod taklif i ma’qul bo’lsa, yaqin yillarda AQShning energetika yo’nalishidagi siyosati ham shunga yarasha bo’ladi.