Breaking News

AQShda makka dalalalari kengaygan, ammo daromad past


AQShda bu yil yog’ingarchilik mavsumi qattiq kelib, minglab gektar ekinzorlarni yuvib ketdi.

Makkajo’xorisi bilan tanilgan markaziy shtatlarda dehqonlar bu yilgi mo’l hosil va katta daromaddan umidni uzgan.

O’tgan yillarda Amerikada makkajo’xori dalalari kengaygan, chunki undan muqobil yonilg’i sifatida ko’riluvchi - etanol olinadi.

AQSh makkajo'xori yetishtirishda dunyoda birinchi o'rinda turadi - yiliga o'rtacha 280 million tonna. Jahon bozoriga chiqadigan makkaning yarmi.

Ayova shtatida suv toshqinlari kuzatilmadi, ammo tinimsiz yog’ingarchilik sabab ekinlar urinib, jo’xori yaxshi o’smadi. Namlik juda yuqori.

O’nlab gektar yerini faqat makkajo’xoriga ajratgan fermer Milo Raffkorn bu yil hosilning barakasi bo’lmaydi deydi.

"Birinchidan urug’ni vaqtida eka olmadik. Rosa yomg’ir quydi. Ekin juda sekin o’sayapti. Hammayoqni suv bosgan. Odatda bu paytda ekinzorlarimiz barq urib turar edi".

Lekin mahsulot narxi baland ekan, bu dehqonlar makkadan boshqa narsa ekmoqchi emas.

“Hamma narsani bozor hal etadi. Shuning uchun umidni boy bermayapsiz. Boriga baraka-da”,- deydi Raffkorn.

Mahsulotni yetishtirish ham arzon emas.

Hamma narsaning bahosi oshgan, deydi qo’shni fermer Larri King.

”O’g’it qimmat, yonilg’i qimmat”.

Bu yil katta maydonga jo’xori qayta ekildi. Ortiqcha xarajat va vaqt sarflandi.

”O’tgan yilgiga qaraganda ikki barobar kam hosil olsam kerak”,- deydi King.

Makka etanol manbai ekan, narxi kun sayin oshib bormoqda.

Bu bilan esa boshqa qishloq xo’jalik mahsulotlari ham qimmatlashgan.

Texasdek yirik agrar shtat gubernatori Rik Perri "rancholarimizdan ayrilayapmiz",- deydi. "Kongress etanol ishlab chiqarishni targ’ib qilishdan ko’ra, fermerlarga yordam bersin",- deydi u.

"Besh yil oldin muqobil yonilg’i manbalari borasida yangi siyosat bilan chiqilganda bozorda narx bu qadar yuqori emas edi. Bugun cho’ntagimiz ancha bo’shab qolgan",- deydi gubernator.

Brayan Jennings, "Etanol uchun Amerika Koalitsiyasi" degan tashkilot rahbari, narxning oshishiga muqobil yonilg’i sababchi emas deydi.

"Inflyatsiyaga etanol aybdor emas. Uning hissasi balki 2-3 foizga to’g’ri keladi. Oziq-ovqat narxi oshishi ortida boshqa bir qator siyosiy masalalar turibdi".

Nega neft narxi ko’tarilgani haqida gapirmayapti deya so’raydi Jennings.

Uningcha ekologik muammolar ham chetda qolib ketayapti. Hamma birdek aziyat chekmoqda.

"Muammolar hammaga birdek ta’sir qilmoqda. Ona tabiat oldida hammamiz ojizmiz. To’fon va toshqinlar o’tgan yillarda neft sanoatiga ko’p zarar yetkazdi".

Ona tabiat haqida dehqondan yaxshiroq biladigan kim bor?

Oziq-ovqat qimmatlashganidan noliyotgan odamlar dehqonning ahvolidan xabar olsin deydi fermer Milo Rafkorn.

"Qishloq xo’jalik mahsulotlarining bahosi ko’tarilgani bilan dehqon boyib ketayotgani yo’q. Talab katta, ammo uni qondirish fermerlarga ham juda qimmatga tushmoqda".

Tabiat ko’ngliga qarab ish tutishga o’rgangan dehqonlar alamni yerdan olmoqda. Ekin parvarishlanmoqda, o’g’it bilan to’ydirilmoqda va juda bo’lmaganda xarajatni qoplay oladigan hosil kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG