Breaking News

AQSh Atlantika sohillarida neft qaziydi, ekologlar norozi



Kongress qarori bilan so’nggi 20 yildan beri Atlantika okeani sohili bo’ylab tabiiy yonilg’i resurslariga tegish man etilgan edi.

Prezident Barak Obama bu hududning ayrim qismlarida, xususan janubida qazish ishlari olib borishga ruxsat bergan.

Uning fikricha Amerika xorij yonilg’isiga tobeligini kamaytirishi lozim. Biroq atrof-muhit muhofazasi uchun kurashuvchi faollar norozi, “saylov kampaniyasi davrida iqtisodiyotni ekologik jihatdan toza tutishga va’da bergan Obama so’zidan qaytmoqda”deydi ular.

AQShning sharqiy va janubiy qirg’oqlari bo’yida joylashgan katta hududlarni neft va gaz qazish ishlari uchun ochish rejasi Amerika energetika siyosatida tub o’zgarishdan nishona. Prezident Obamaning aytishicha, bu oson qaror bo’lmagan:

"Maqsad yonilg’iga ehtiyojimizni inobatga olgan holda, iqtisodiy o’sishni ta’minlash, ish o’rinlari yaratish, AQSh bizneslarini yanada raqobatbardosh qilish. Toza energiya turlari ustida izlanishlarni davom ettirgan holda yonilg’ining an’anaviy manbalarini ham olishga kirishishimiz kerak".

Bioyonilg’ida ishlaydigan maxsus qiruvchi samolyotlar joylashgan harbiy bazada ma’ruza qilar ekan, Obama yonilg’ining muqobil manbalarini rivojlantirish rejasidan qaytmaymiz, dedi.

"Sinovlar ko’ngildagidek o’tsa, bioyonilg’i yordamida tovushdan tez ucha oladigan samolyot yaratgan bo’lamiz",-deydi prezident.

Atrof-muhit muhofazachilari fikricha, prezidentning bu siyosati iqlim o’zgarishiga doir qonunning qabul qilinishini sekinlashtirishi mumkin.

“Amerika atrof-muhiti” tashkiloti xodimi Anna Aurilioning aytishicha, Amerikada neft va gaz konlari ochish mamlakatning neftga tobeligini kuchaytirib, iqlim o’zgarishi muammosiga hissa qo’shishi mumkin.

"Ko’proq neft qazib bu mahsulotga tobelikdan qutulish mumkin ekanmi? Ayniqsa yetarli zaxiraga ega bo’lmagan Amerikada. Neftning hammasini qazib olganimizda ham, ehtiyojlarimizni qoplay olmaymiz, chunki biz yonilg’idan bundan-da ko’p foydalanamiz",-deydi Anna Aurilio.

Prezident Obamaning aytishicha, AQShda jahon neft zaxiralarining atigi 2 foiziga ega. Dunyo neft iste’molining 20 foizi esa Amerika hissasiga to’g’ri keladi.

Neft kompaniyalari prezident qarorini olqishlamoqda. Obama bu borada respublikachilar yordamiga tayanmoqda, chunki 2008 saylov kampaniyasi davrida muxolifat bu siyosatni qattiq himoya qilgan.

"Demokrat va respublikachi qonunchilardan takliflar kutyapman. Energetika siyosatiga kelganda siyosiy qutblashish haqida gap bo’lmasa kerak”,-deydi Barak Obama

Prezidentning energetika siyosatida avtomobilsoz kompaniyalardan tejamkor mashinalar ishlab chiqarishni talab qilish va bu boradagi standartlarni oshirish hamda davlat idoralari xizmatidagi avtomobillar parkini yangilab, qisman elektr batareyasida ishlaydigan 5 mingta gibrid mashinalarini sotib olish ham ko’zda tutilgan.

XS
SM
MD
LG