Breaking News

AQSh hukumati moliyaviy inqirozdan chiqish yo'lini taklif qilmoqda


Bush ma'muriyati moliyaviy va ipoteka inqiroziga uchragan xususiy sektorga yordam berish maqsadida 700 milliard dollarlik yordam dasturini ishlab chiqqan. Oq Uy Kongressdan qonun loyihasini imkon qadar tezroq tasdiqlashni so'ramoqda.

AQSh Moliya vaziri Genri Polsonning aytishicha, agar hukumat xususiy moliyaviy kompaniyalarga zudlik bilan yordam bermasa, mamlakat iqtisodiy tanazzulga yuz tutishi mumkin.

"Ushbu dasturga muvofiq hukumat mazkur kompaniyalarga tegishli nelikvid aktivlarni sotib olib, ma'lum muddatdan so'ng qayta sotuvga chiqaradi. Ya'ni bunga ajratilayotgan pul qaytib keladi. Dasturning asl xarajati uy narxlari va iqtisodiyotning barqarorlashishiga qarab belgilanadi," deydi moliya vaziri.

Iqtisodiyotchilar fikricha, ayni damdagi vaziyat sabab kredit olish imkoni yopiladi, iqtisodiy o'sish sustlashadi, fuqarolarning jamg'armalari garovga qo'yiladi.

Senat Bank qo'mitasi raisi, demokrat Kristofer Doddning aytishicha, qonunchilar dasturni va vaziyatdan chiqishning muqobil yo'llarini o'rganmoqda.

Yana bir demokrat senator Charlz Shumer muammoni hal qilish kerak deydi, ammo Bush taklif qilayotgan dastur yordamida emas.

Respublikachilar demokratlarni prezident saylovlaridan oldin siyosiy o'yinlarda ayblamoqda.

Kongressmen Jon Bonerning aytishicha, gap mamlakat iqtisodiyoti, fuqarolar farovonligi haqida ketar ekan, mafkuraviy bahslarni chetga surib qo'yish kerak.

Katta Sakkizlik guruhiga a'zo davlatlar moliya vazirlari bugun Bush dasturini muhokama qiladi. Ularga ko'ra jahonning boy davlatlari xalqaro moliya tizimining barqarorligini ta'minlash uchun barcha choralarni qo'llashi zarur.

XS
SM
MD
LG