Amerika turli din va e’tiqodlarga boy diyor. Qayerga bormang, cherkov, sinagoga yoki masjidga ko’zingiz tushadi. Shunday dargohlar borki, u yerda diningiz nima bo’lishingizdan qat’iy nazar bemalol ibodat qilishingiz mumkin.
Masalan, San Fransiskodagi Presviterian cherkovi barcha din va e’tiqodlar uchun ochiq.
Yaqinda Bayt Tikun nomi ostida faoliyat yurituvchi yahudiylar guruhi, o’z binosi bo’lmagani sabab bu yerda ibodat qilishga ruxsat oldi. Guruh rahnamosi Kinan Kelzi hozirda cherkovni ta’mirlash ishlariga bosh-qosh bo’lmoqda.
“Kichik guruhmiz va aksariyat a’zolarimiz kasb-korli odamlar. Ruhiy Muloqot Markazi tuzishga ahd qildik”,- deydi u.
Markazga mahalliy tashkilotlardan ko’ngilli faollar taklif etildi.
“Kinan Kelzi iudaizm, nasroniylik va islom ildizi Ibrohim payg’ambarga borib taqaladi deydi. Shunday ekan, bu uch din vakillari bu markazga kelib, o’zaro hurmat asosida ibodat qilsin deymiz. Jamoani birlashtiruvchi kuch bu ma’naviyat, deydi Kelzi xonim.
“Bu fikr musulmonlarga juda ma’qul”, - deydi San Fransisko Islom jamiyati rahbari Sulaymon G’oliy. “Hamjihatlik dinimizning asosi”, - deydi u.
Yaqinda barcha e’tiqod vakillari yig’ilib, namoz va ibodat borasida maslahatlashgan. Musulmonlar uchun tahoratxona qayerda bo’ladi, namoz qayerda o’qiladi, nasroniylar uchun xoch qay burchakka qo’yiladi, yahudiylar uchun muqaddas timsollar qayerda o’rnatiladi? Ana shu masalalalar yuzasidan kelishib olindi.
San Fransisko E’tiqod Markazi sifatida qayta
tanilayotgan bu maskan rahbari Pol Shafining aytishicha turli din vakillarini
bir joyga yig’ish hamjihatlik tomon muhim bir qadam. “Chunki”, deydi u, “odamlar
notanish narsadan cho’chiydi, shubhalanadi. Diniy birdamlik buni yengishi
mumkin.”