Obama ma’muriyati AQShning energetika siyosatini qaytadan ko’rib
chiqayotgan bir paytda, texaslik milliarder Tomas Bun Pikkens muqobil
energiya targ’ibotiga zo’r bermoqda.
AQSh xorij neftiga
bo’lgan tobelikdan qutilib, tabiiy gaz va shamol energiyasidan
foydalanishga o’tishi kerak, deydi Pikkens. Biroq hamma ham uning
fikriga qo’shilmayapti.
Tomas Bun Pikkens o’z yonidan 50 million dollar sarflab muqobil energiyadan foydalanishni reklama qilmoqda.
Pikkens fikrini milliondan ziyod kishi quvvatlab chiqqaniga qaramay siyosatchilar uni ma'qullashga shoshayotgani yo’q.
Milliarder nazarida xorij neftiga tobelik va energiya taqchilligi kelajak dushmani.
"Aniq
rejamiz yo’q. Oldin ham bo’lmagan, bor deya barchani laqillatib
yurganmiz. Lekin muammo yechimi bor. Yoshlar uni topishga yordam
berishi lozim", - deydi u.
Avtomobillarimiz tabiiy gazda yursin, elektr energiyasini esa shamoldan olaylik, deydi Pikkens.
O’tgan
yilda benzin narxi ko’tarilgan bir davrda, Pikkens fikrlari oltinga
teng deya baholangan edi. Hozir esa narxlar ancha tushgan va
siyosatchilar nazarida endi bu mavzu dolzarbligini yo’qotgan.
"Mana
shunday yondashuv energetika sohasini oqsoq qilib qo’ygan. Muammo
borligida hamma qayg’uradi; narxlar baland deb jar soladi, biroq benzin
arzonlashgach bu mavzu bilan hech kimning ishi yoq, yopib qo'ya
qolishadi", - deydi Pikkens.
Arzonchilik uzoqqa cho’zilmaydi
deydi neft magnati. Keyingi yil so’nggiga borib qora oltinga talab
oshgan sari narxlar ham ko’tariladi. Shunga vaqtni bekor sarflamaslik
lozim.
Biroq Pikkensning rejasi ham mukammal emas, kamchiliklari bor, deydi Xyuston Energetika Tadqiqoti Instituti olimi Robert Bredli.
"Birinchidan,
shamol energiyasidan elektr quvvati olish texnologiyasi juda qimmat.
Ikkinchidan, olingan energiya aholiga qanday ta’minlanadi? Bu hali hal
etilmagan. G’oya yaxshi, lekin reja mukammal emas", - deydi Bredli .
Shuningdek deydi Bredli transport vositalarini gazda yurishga moshlashtirish ham katta mablag’ talab qiladi.
"Gazda yuradigan avtomobillar odatda 6-10 ming dollargacha qimmat bo’ladi. Odamlarda shuncha ortiqcha pul bormikan?"
Biroq
Pikkensni tanqid qilayotganlar ham uning fidoiyligiga tasanno aytmoqda.
Yangi bir sanoatga asos solish mushkul, odamlarning diqqatini energiya
masalasidan chigal muammga qarata olish ham, deydi energetika sohasi
bo’yicha tadqiqotchi Ami Mayers .
"Nima uchun muqobil energiya
zarurligi haqida ilgari jiddiy o’ylanmaganmiz. Hech qachon bu mavzu
butun mamlakat bo’ylab ko’tarilmagan. Davr o’zgarmoqda", - deya
ta'riflaydi u.
Prezident Obama saylov kampaniyasida “energiya
muammosi bilan jiddiy shug’ullanaman” deb va’da bergan. Biroq iqtisodiy
tanazzul avj olgach, benzin narxi tusha boshladi. Kongress ham sekin
harakat qilmoqda. Pikkens nazarida bu qimmatga tushadi.
"Hukumatning rejasi bo’lmasa, demak AQSh xorij neftiga qaram bo’lib qolaveradi", - deydi texaslik milliarder.