Breaking News

Turkiyada hukumat armiya va adliyaga bosimni oshirmoqda


Turkiyada hukumatni to’ntarishga uringanlik aybi bilan yuqori martabali bir necha harbiyning qamoqqa olinishi bu mamlakatda siyosatchilar va armiya o’rtasida ziddiyatlar avj olayotganidan dalolat bermoqda.

Bundan oldin ham o’nlab zobitlar Turkiyada hukmron islomiy partiyaga qarshi fitnalarda gumon qilinib, panjara ortiga tashlangan edi.

2003 yilda davlatni to’ntarishga harakat qilganlikda ayblanib qariyb 50 ofitser tergov ostida edi.

Kuni-kecha 7, bugun esa yana 8 zobit qamoqqa olingan. Hibsdagilarning hammasi o’zini begunoh deb biladi.

Turkiya rahbariyati va harbiylar bugun uchrashib, masalani muhokama qilgan. Prezident Abdulla Gul va Bosh vazir Rajap Toyib Erdog’an bugun Istanbulda qo’mondon, general Ilker Basburg bilan majlis qilgan. Tomonlar muammoni qonuniy yo'l bilangina hal qilish mumkin deya xulosa qilgan.

So’nggi hisoblarga ko’ra, hozir 20 nafar harbiy hukumatga qarshi fitna rejalash gumoni bilan, qamoqda saqlanmoqda.

Harbiy qo’mondonlar Anqaradagi bugungi vaziyat jiddiy deb ta’riflaydi. Omma orasida armiyaga nisbatan ishonnch yuqori lekin Bahcheshehir Universiteti domlasi Chingiz Aktar xalqning bunday munosabatidan hayratda.

“O’nlab zobitlar qamoqda, ammo xalq avvalgidek ko’chaga chiqib namoyish o’tkazmayapti. Ajablanar hol”,- deydi u.

Usmoniylar imperiyasi qulab Turkiya respublikasi vujudga kelibdiki, harbiylar yangi dunyoviy tuzumni rivojlantirishda, uni himoya qilishda behisob hissa qo’shgan kuch sanaladi. Armiya 1960 yildan buyon to’rt bor hukumatni ag’dargan va vaqtincha boshqaruvni qo’lga olgan.
Chingiz Aktar deydiki Turkiya yangi davr bo’sag’asida. Xuddi 1970 va 80-yillarda Ispaniya, Yunoniston va Portugaliyada ro’y bergan hodisalar – nazorat harbiylar qo’lidan fuqarolarga o’tgan bir paytlarni eslatadi.

Muxolifat nazarida hukumat turli fitnalar haqidagi iddaolari bilan o’ziga qarshi kuchlarni bartaraf qilishga harakat etmoqda xolos.

Tahlilchi Nuray Mert fikricha hukumat tarafdorlari va dunyoviy tuzumni targ’ib qiluvchi guruhlar o’rtasidagi kurash sabab adliya tizimi zarar ko’rayapti.

“Hozirgi vaziyatda siyosatchilar o’rtasidagi muammolarni yechish mumkin emas. Adliya ham ikkiga bo’lingan, xalq ham tarqoq”, deydi u.

Hukumat anchadan buyon davom etayotgan “Ergenekon da’vosi” deya nomlagan tergov ishini maxsus prokuror qo’liga topshirgan. 2008 yilda Konstitutsion sud hukumatni boshqarayotgan “Adolat va Taraqqiyot” partiyasini dunyoviylikka asoslangan davlatchilikni islomiylashtirishga uringanlikda ayblab javobgarlikka tortgan edi. Ammo bu ish partiyani man etishgacha bormagan. Bugunga kelib Bosh vazir Rajab Toyib Erdog’an adliya tizimini isloh qilish kerak deb chiqmoqda.

“Muxolifat buni yoqlaydimi-yo’qmi, adliya sohasida islohotlar boshlash rejasini oliy majlisda muhakama qilamiz. Referendum o’tkazish uchun yetarli ovoz olsak, masalani xalq ovoziga qo’yamiz”, - deydi bosh vazir.

Hukumat hali islohotlar dasturini e’lon qilmagan, ammo Yevropa Ittifoqi bu boradagi harakatlarni qo’llab quvvatlamoqda.

Lekin, deydi professor Chingiz Aktar, Turkiyada bunday tarqoqlik hukm surar ekan, islohotlarni amalga oshirish juda qiyin bo’ladi.

“Referendum bo’lsa, u faqat hokimiyat uchun o’tkaziladi. Xalq adliya tizimini isloh qilish yoki konstitutsiyon o’zgarishlar bo’lishi kerak degan takliflarni ma’qullamaydi”,- deydi ziyoli. “Faqat hokimiyatdagi “Adolat va Taraqqiyot” partiyasi uchun yoki unga qarshi ovoz beriladi. Referendumning bir ma’nosi yo’q”,- deydi Chingiz Aktar.

Prezident Abdullah Gul esa kecha Konstitutsion sud raisi Hoshim Qilich bilan uchrashib keskinlikni yumshatishga harakat qilgan.

“Agar xalq adliya tizimi xavf ostida desa, unda muammoga yechim topmasak bo’lmaydi. Davlatimiz va xalqimiz sha’nini faqat mustaqil adliya tizimi ta’minlay oladi”,- deydi sudya Hoshim Qilich.

Mutaxassislar nazarida esa bunday islohotlar uchun avvalambor siyosiy hamjihatlikka erishish kerak.

XS
SM
MD
LG