Breaking News

Rim papasining Turkiya safari - tarixiy va siyosiy qadam


Rim papasi Benedikt XVI Vatikan rahbari sifatida musulmon davlatiga ilk marta tashrif buyurdi.

Papaning islom va Muhammad payg'ambar haqida keltirgan iqtibosi dunyo bo'ylab musulmonlar orasida norozilik uyg'otgan edi. Jumladan, Turkiyada ham.

Tarixchi olim, professor Fayzulla Isxoqov fikricha Rim papasining tashrifi dinlar o`rtasidagi aloqalarni mustahkamlashni ko’zlaydi.

“Lekin bu yerda boshqa maqsad borligini ham ta`kidlab o`tish kerak. Rim papasining Yevropada nufuzi juda kuchli, shu bois bu yerda Turkiyani Yevropa Ittifoqiga kirish imkoniyatlarni yanada [oshirish] ham nazarga olingan”, - deydi Isxoqov.

O`zbekiston Musulmonlar Idorasi papaning islom haqidagi taassuflari yuzasidan qilgan uzrini qabul qilgan.

Benedikt XVI o’z rahnamoligidagi katoliklarni va pravoslav nasroniylarni birdamlikka chaqirmoqda.

“Nasroniylar tarqoqligi jahonni jaholat sari yetaklamoqda”,- deydi Vatikan rahbari.

Katolik va pravoslav nasroniylar 1054 yilda mafkuraviy, diniy nazariya va boshqaruv yuzasidan kelisha olmay, bir-biridan ajralib ketgan.

Rim papasi nazarida Yevropa boshqa dinlarni hurmat qilishi lozim, biroq nasroniylikni saqlab qolish eng muhim vazifadir.

Benedikt XVI Izmir shahri yaqinida joylashgan va nasroniylarning muqaddas qadamjolaridan biri hisoblangan “Bibi Maryam Uyi” ibodatxonasini ziyorat qildi.

Nasroniylarning aksariyati, Iso payg’ambarning onasi Bibi Maryam so’nggi kunlarini aynan shu uyda o’tkazgan, deya ishonadi.

Papa safari davomida Yaqin Sharqda tinchlikka chaqirmoqda. “Mintaqadagi mojarolar dunyo tinchligiga rahna solmoqda”,- deydi Benedikt XVI.

Barcha e’tiqod vakillarini hamjihatlikka chaqirar ekan, papa "Dinni qurol sifatida ishlatmang, siyosiy qudratga bu yo'l bilan kelib bo'lmaydi",- deydi.

Turli dinlar bir-birini yaxshiroq tushunishi va hurmat qilishi uchun muloqot juda zarur, deydi Vatikan rahbari.

(Xabarga Amerika Ovozi ning Toshkentdagi muxbiri Malik Mansur hissa qo'shdi)

XS
SM
MD
LG