Turkiya Rossiya ilgari surayotgan “Janubiy oqim” loyihasiga rozilik berdi. Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putinning Anqaraga tashrifi davomida shu haqda bitim imzolangan.
Sal avval Turkiya va Yevropa Ittifoqi “Nabukko” loyihasini amalga oshirishga kelishib olgan edi. Bir-biriga raqib loyihalar Turkiya orqali o`tishi rejalangan. Sharhlovchilar nazarida bu bilan Turkiya mintaqada yirik geosiyosiy kuchga aylanmoqda.
Turkiya Bosh vaziri Rejep Toyib Erdog’an “Janubiy oqim” loyihasi biroz avval Anqarada imzolangan “Nabukko” loyihasiga qarshi, raqib loyiha sifatida qurilmayotganini ta`kidladi.
Vladimir Putin raqobatni et`irof etar ekan, “Janubiy Oqim”ning ishga tushishi “Nabukko”ga to’siq emasligini, loyihalar amaliyoti asosan iste`molchiga bog`liqligini aytgan.
Hozirgacha energetik zaxiralarga boy Markaziy Osiyo gazi asosan Rossiya orqali Yevropaga sotiladi. Sharhlovchilarga ko`ra, Rossiya energiya eksporti bo`yicha monopoliyani qo`ldan boy bermoqchi emas.
Mintaqa resurslarini Rossiyani chetlab eksport qilish yo`llari anchadan buyon muhokama qilinadi. Energetika ta`minotida Rossiyaga qaram bo`lgan Yevropa gaz eksportini siyosiy richagga aylanishidan cho`chib qolgan. Kreml gaz tranziti bo’yicha yangi loyihalarni ishlab chiqmoqda.
Turkiya bilan imzolangan “Janubiy oqim” shulardan biri. Bu quvurlar Rossiya gazini Turkiya orqali Yevropaga chiqaradi.
“Nabukko” quvurini gaz bilan to`ldirishda Turkmanistonga e`tibor qaratilmoqda. Turkmaniston gaz sotishga tayyor. Sharhlovchilarga ko`ra, diversifikatsiya mintaqa uchun o`ta muhim.
“Diversifikatsiya bo`layotganini o`zi jiddiy ish. Bu holat buyuk davlatlarni mintaqa manfaatlari bilan hisoblashishga majbur etadi. O`zbekiston bundan bilvosita va bevosita foyda ko`rishi mumkin”, - deydi sharhlovchi Farhod Tolipov.
Bu loyihalar mintaqada Turkiya pozitsiyasini ham mustahkamlashi kutiladi.
“Hozirgi kunda Turkiyaning Kavkaz va Yaqin Sharqdagi ta`sir doirasi ancha keng. Markaziy Osiyodagi o`rniga kelsak, 1990 yillardan mintaqa Anqara siyosati ancha kuchaygan edi. Lekin hozirgi kunda bu pozitsiya ancha susaygan. Turkiyaning energiya resurslar tranzitidagi nufuzi oshib borar ekan, bu albatta Kavkav va Markaziy Osiyo bilan hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Mintaqa davlatlariga ta`siri haqida gap ketganda Rossiya fikrini inobatga olmaslik qiyin. Nazarimda Turkiya mintaqada ta`sir doirasini oshirishda Rossiya bilan kelishib ish qilishi mumkin”, - deydi sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov.
Sharhlovchilarga ko`ra, so`nggi paytda turli bahsli nuqtalarda Anqaraning vositachilik o`rni ortmoqda. Ammo mintaqadagi geosiyosiy jarayonlarda Turkiya faol deyish qiyin.
Anqara turkiy davlatlar integratsiyasini targ’ib qilib keladi. Hozircha bu borada aniq natijalar kuzatilmaydi. Mustaqillikdan so’ng integratsiya bo`yicha boshlangan tashabbuslar mintaqada bir qadar xavotir bilan qarshi olindi. Ayniqsa, Turkiya-O`zbekiston aloqalari hamon o`nglanmagan.
“Har bir davlatning o`z bayrog`i bor, maqsad bu bayroqlarni birlashtirish emas, ularni yaqinlashtirish. Bo`lmasa, boshqa kuchlarning “nonni bo`lib yeyishlari” oson kechadi. Nazarimda turkiy xalqlarning yaqin bo`lishi bugun har bir turkiy davlat uchun muhim”, - deydi turkiyalik jurnalist Otif Ala.