Breaking News

Turkiyada kurdlar partiyasi siquvga olingan


Turkiyada Kurd demokratik jamiyat partiyasi yoki KDJning o'ndan ziyod a'zolari hibsga olingan. Rasmiylar ularni terrorchi tashkilot deb tan olingan Kurdiston Ishchilar partiyasiga bog'lamoqda. Ammo muxolifat nazarida hukumat o'tgan oy o'tkazilgan mahalliy saylovlarda KDJ hokimiyatdagi "Adolat va taraqqiyot" partiyasidan ko'ra yaxshi natija ko'rsatgani uchun uni siquvga olmoqda.

Politsiya partiya a'zolarining uyi va idoralarida reydlar o'tkazib, bir necha kishini hibsga olgan. Ular orasida guruh raisining ikki o'rinbosari ham bor. Reydlar aslida faoliyati man etilgan Kurdiston Ishchilar partiyasi a'zolarini topishga qaratilgani aytilmoqda. Turkiya xavfsizlik kuchlari Kurd demokratik jamiyat partiyasini Kurdiston Ishchilar partiyasi qanoti deb hisoblaydi, ammo KDJ rahbariyati buni inkor etadi.

Guruh rahbari Ahmat Turk parlamentdagi safdoshlariga murojaat etib, reydlarni qoralagan.

Uning aytishicha, hukumat bu bilan saylov natijalaridan ko'ngli to'lmaganini ko'rsatmoqda.

"Mamlakatdagi to'rtinchi yirik partiyaga qarshi qaratilgan operatsiya noqonuniy va nodemokratik," deydi Ahmat Turk.

Bosh vazir Rajab Toyib Erdog'anning "Adolat va taraqqiyot" partiyasi mahalliy saylovlarda mamlakatning asosan kurdlar yashovchi janubi-sharqida KDJga boy bergan.

Saylov paytida har ikki partiya bir-birini nodemokratik usullardan foydalanayotganlikda, Erdog'an kurdlar partiyasini saylovchilarga bosim qo'yganlikda ayblagan.

Siyosatshunos Nuray Mert nazarida vaziyat tobora taranglashmoqda.

"Hibsga olishlar har ikki tomon uchun provokatsiyalarga yo'l ochmoqda," deydi u.

Yil boshida hukumat kurd tilidagi davlat telekanalini ochgan edi, biroq KDJ undan saylovlarda unumli foydalanishga harakat qilgan. Kanalning ochilishi Yevropa Ittifoqi tomonidan ijobiy qabul qilingan edi.

Ba'zilar islohotlar davom etib, kurd tili maktablarga ham kiritilishiga umid qilgan, ammo so'nggi voqealardan so'ng jarayon sekinlashishi yoki butunlay to'xtab qolishi mumkin, deb hisoblaydi mahalliy siyosatshunoslar.

So'nggi ijtimoiy so'rov natijalariga ko'ra, "Adolat va taraqqiyot" partiyasi tarafdorlari guruhning kurdlarga yon berishga qaratilgan siyosatidan norozi.

XS
SM
MD
LG