Breaking News

Dunyo Barak Obamadan amaliy qadamlar kutmoqda


Yaqinda okean ortiga safar qilgan Barak Obama AQSh tashqi siyosatini yangilab, mamlakati nufuzini oshirish harakatida.

Jumladan AQSh-Yevropa o’rtasidagi munosabatlarni kuchaytirish, moliyaviy inqirozni yengishda xalqaro hamjamiyat bilan yaqindan ishlash, Afg’onistonda tinchlikka erishish uchun xalqaro tashkilotlardan yordam olish, qolaversa Amerikaning musulmon jamiyatlari bilan rishtalarini yaxshilash.

Obamaning fikr-takliflari ham Yevropada, ham islom olamida iliq kutib olingan. AQSh rahbarining Yevropada shuhrati juda baland. Uning har bir qadamini dunyo yetakchilari, ommaviy axborot vositalari, sharhlovchi va tahlilchilar, qolaversa oddiy odamlar yaqindan kuzatmoqda.

Londonlik sharhlovchi Tazin Ahmad Obamani “odamlarni o’ziga torta oladigan, qobil, suxandon siyosatchi” deya ta’riflaydi. “Jahon miqyosidagi katta muammolarni hal etish uchun AQSh va dunyoga shunday yetakchi kerak”, - deydi u.

Amerika yetakchilikka tayyor, deydi Obama, lekin boshqalar bilan kengashib ish tutadi. Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozi bu yondashuvni olqishlamoqda.

“Barak Obama chekinmas ruhda dunyoni o’zgartirishga bel bog’lagan ekan, u bilan yelkama-yelka turib, yaqindan ishlashga tayyormiz”, - deydi Sarkozi.

Anqaraga tashrif chog’ida Obama Turkiya tarixi va madaniyati, siyosiy tizimi, g’arbu-sharq o’rtasidagi vositachilik roli hamda dunyo miqyosida tutgan o’rniga yuqori baho berdi.

“Dunyo ahli bir narsani aniq anglab olsin”, deydi Obama, “AQSh islomga dushman emas. Aksincha, buzg’unchi mafkuralardan xalos bo’lishda musulmon jamiyatlari bilan birga ishlashimiz kerak”.

Turkiya ko’chalarida bu so’zlarga munosabat turlicha:

“Obama tinchlik va hamjihatlik haqida bong uryapti. Shu kungacha aytganlarini amalga oshirsa, boshqalar ham qarab turmaydi, nazarimda”, - deydi “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan ayol.

Boshqa bir turkiyalik esa hozircha biror xulosaga kelish qiyin deydi.

“Odamlar Amerikaning tashqi siyosati, xususan Yaqin Sharqdagi maqsadlariga shubha bilan qaraydi. Menimcha, Obama yangi strategiyasini amalga oshirishda Turkiyadan yordam so’ramoqda”.

O’zbekistonlik ziyolilar, xususan islomshunos olim Abdulaziz Mansur nazarida Obama Turkiyadek yetuk jamiyatga tayanib ma’qul yo’l tutmoqda.

“Iroq va Afg’oniston voqealaridan keyin musulmonlarning diliga sal iliqlik kiritishim kerak [deyapti Obama], ular o’ylamasinki Bushdan keyin ikkinchisi ham yana shu syiosatni davom ettiradi deb. Bu hammaga yoqadigan yaxshi gaplar. Lekin amalda ko’rilishi kerak”, - deydi olim.

Siyosatshunos Farxod Tolipov ham AQShning Turkiyaga e’tibori bejiz emas deydi.

“Turkiyani ko’p jihatdan islom dunyosida yetakchi davlatlardan biri hisobda ko’rish mumkin. AQSh Turkiyani shu ma’noda Osiyoda, xususan Markaziy Osiyoda o’zining siyosatini mukammalroq olib borish yo’lida maqsad qilib qo’ygan. Bu oldindan ma’lum”.

Ko’pchilik umidga to’la, lekin ular Amerikadan aniq amaliy qadamlar kutmoqda. Obamaning siyosiy o’zgarishlar haqidagi gaplari hozircha tilda va qog’ozda. Haqiqat qanday bo’lishi mumkinligi haqida gapirish qiyin.

XS
SM
MD
LG