O’zbekistonda san’at va san’atkorga bo’lgan munosabat ayanchli holatda, erkin ijod uchun imkoniyat qolmagan, deydi O’zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova.
O’zbek estradasi “primadonnasi” nomini olgan Usmonova yaqinda Turkiyaga ko’chib o’tdi. Mana bir necha yildirki xonanda rasmiy bayram va tantanalardan chetlatilgan. Davlat televideniyesida qo’shiqlari va kliplari man qilingan.
El ardog’ida bo’lib, xalq dardini kuylaydigan san’atkor nega hijrat qilishga majbur bo’ldi?
“Nega bo’lardi? Men ijodkor odamman, san’atkorga erkinlik kerak. Mening g’ashimni keltirgan narsa, siyosatchilarning san’atkor bilan nima ishi bor? Shunga aqlim yetmaydi. Men bundan charchadim. Ijodkor odamman, san’atimni namoyish etishim kerak. Shuni hisobga olishmagani uchun men prujinaga o’xshab portlab chiqib ketdim.”
Bundan bir necha yil avval Turkmaniston mustaqillik ayyomlarida qatnashish uchun Ashgabatga borgan Usmonova, bu bilan katta muammolar girdobiga kirayotganini bilmagan edi.
O’zbek san’atini chetda tanitishni faxr deb bilgan xonandaga bir yerga borishdan avval davlat rahbarlarining kayfiyati bilan hisoblashish kerakligi uqtirilgan.
“Xuddi bog’cha bolasiga o’xshashadi. Sen u bilan o’ynama, bu bilan gaplashma degandek. Mening tirikchiligim bor. Xalqning muhabbati, e’tibori - yaxshimi, yomonmi, ig’vogarmi – menga shu juda ham kerak. Men uchun bu juda qadrli narsa. Meni taklif qilishsa, yo’q, uzr, bormayman deya olmayman. 1996 yilda haydab yuborishdi, keyin yana qaytarib olib kelishdi. Mana hozir yana chiqib ketdim. Bilasizmi, ochig’i, charchadim. Shuning hammasi o’sha-o’sha, bir hokimiyat davrida bo’layotgan narsa. Men ularga aytdim, tinch qo’ying meni deb. Avval ketganimdan afsusda bo’lgan bo’lsam, hozir zarracha achinmayman. Shu ishni oldinroq qilmaganimdan afsusdaman. Hayronman, hammasiga qanday qilib chidab yurgan ekanman? Men ijodkor odamman, qoraga qarab turib oq, oqqa qarab turib qora deya olmayman. Xalqimizga ham hayronman, bir nimalarni o’ylab topadi. Nima ekanmish? Borib (Turkmanistonga), ana, O’zbekiston ham shunday bo’lsa edi, deb aytgan emishman. Mana shunday yolg’on, tuhmatlardan charchaganimdan, o’sha yerdagi konsertning videosini olib kelib, Milliy Xavfsizlik Xizmatiga ham berdim. Unaqa gapning o’zi bo’lgani yo’q. Men rahmatli Turkmanboshining oldiga ketayotganimni bilganim ham yo’q edi. Konsert haqini to’lashdi. Meni O’zbekistonning Turkmanistondagi elchixonasi taklif qilgan edi.”
Yulduz Usmonova saroy xonandasi… uning qo’shiqlari amaldorlar ko’nglini ovlash uchun, vatanparvarlik nolishlari yaxshi ko’rinish uchun qilingan, degan gaplarga u shunday javob qiladi:
“Oldingi va hamma qo’shiqlarimda nina degan joyi bor. Vatanparvarlik, patriotizm kimga kerak? Tepadagilarga emas, xalqning o’ziga kerak! Misol uchun, o’sha yerda rosa portlash bo’ldi, "vahobiy"lar paydo bo’ldi… O’zbekiston askarlari yutgani yo’q. “Adoying bo’lganmiz seni, O’zbekiston” degan qo’shig’im yutdi. Yo, noto’g’rimi gapim? Xo’sh, birovga yaxshi ko’rinish uchun aytgan bo’lsam, nima uchun bu qo’shiqlar gimnga o’xshab qoldi? Masalan, o’zlari Yulduz Usmonovaga havas qilib, qo’liga mikrofon tushib qolsa, unga taqlid qilib chiqishga tayyor. Qilig’imgacha takrorlashgan. O’zligingni saqlab qol, nega menga taqlid qilasan? Men hali o’lganim yo’q. Tirikman.”
O’zini shartaki deb biladigan Yulduz Usmonova qanday odam bo’lmasin, nima degan bo’lmasin, qilgan ish va gaplariga afsuslanmasiligini aytadi. Aybim bo’lsa ham, haqiqatni berkita olmasligimda deydi u.
“Tilim achchiq. Boshimga balo ham shu. Lekin haqiqat shu. Agar yolg’on gapirsang, xalq ustingdan bosib o’tadi. Agar ochig’ini aytsang, hech vaqt oyoqosti qilmaydi xalq. Ha, borim shu. Agar laganbardor bo’lib, birovga paxta qo’yganimda edi, allaqachon Madaniyat vaziri bo’lib o’tirib, qora Opellarda borib-kelib yurgan bo’lar edim ishga.”
O’zbekiston san’ati, qo’shiqchilar sifati va, umuman, muammolar haqida gapirar ekan, Usmonova parlamentda deputat bo’lgan davrida ko’p narsani istaganini, ammo amalga oshirish qo’lidan kelmagach, siyosatdan kechganini aytadi. San’atimiz suyulib, bulg’anmoqda, bundan esa yoshlar ongi va kelajagi zaharlanyapti, deydi u.
“Opa bir duo qiling deb iltimos qilsa, nima qilasan? Bor-yo’qol deb haydab yuborsang, nazaridan qolasan! Ha, mayli, duo qilib, yo’lingni bersin, deb aytasan. Endi, voy, opa menga fotiha berdi, men san’atkorman deganlar ko’payib ketdi. San’atimiz bunday darajaga tushganini qachon ko’rgansiz? Biz sobiq ittifoq davrida tug’ilgan san’atkorlarmiz. Lekin mustaqil O’zbekiston hali o’zining san’atkorlarini tuqqani yo’q.”
Bugun Yulduz Usmonova Turkiya estradasiga kirib bormoqda. Yangi “Inadim”, ya’ni “Ahd qildim” albomini taqdim qilar ekan, endigi maqsadlari umuman boshqa ekanini ta’kidlaydi. Oldimda yangi auditoriya, yangi yo’nalish va yangi qiyinchiliklar turibdi, deydi xonanda.
"Men 25 yillik yulduzligimni chetga yig’ishtirib qo’yib, noldan boshlashga tayyor bo’lib keldim. Endi Turkiya bozorini qozonish kerak. Men hadeb, dardni qo'shiq qilib aytishni xohlamayman. Charchadim, dardni aytaverib. Aqlli ashulalar ham bo’ladi. Lekin hozir vaziyat shunaqa og’irki, tinglovchi rost gapni eshitishi qiyin. Darrov orqasini o’girib oladi. Mahkam turib olmagunimcha, Turkiyada konsert bermayman. Rosa o’zbeklarimiz ko’p, keling konsert qilaylik degan takliflar bo’ladi. Menga bunaqangi kafolatning keragi yo’q. Nima uchun Turkiyada faqat o’zbeklar uchun ishlashim kerak ekan? Men bu bozorni qozonishim kerak, aynan turkiyaliklar uchun konsert berishga qaror qildim. Orada o’zbeklari ham bo’lishi mumkin. Bu bozorni zabt etaman, nasib qilsa.”
Bir yilda ikki albom yozish bilan bandman, har bir konsertdan oldin olti oy tayyorgarlik ko’raman, biroq Turkiya bozorida mustahkam oyoqqa turmagunimcha mendan yangilik kutmang. Qattiq mehnat qilishim lozim, deydi xonanda. Yulduz Usmonova Turkiyadagi faoliyatidan tashqari, xayriya ishiga ham qo’l urganini aytadi. Bugungi kunda u Avstriyaning “Wiener sanger knaben” bolalar xori bilan qo’shma loyiha boshlagan.
“Necha pul berishimiz kerak deb so’rashgan edi, qanaqa pul? dedim. Bolalar qo’shiq aytayapti, “Shoh va gado”ni kuylashayapti. Buni dunyo eshitadi. Shundan pul istaymanmi? Kerakmas, mendan hadya bo’lsin dedim. Xursand bo’lishdi, yo’lkira va viza xarajatini o’zlari ko’tarib, meni taklif qilishdi. Borib keldim, haqiqatan ham ajoyib xor. Bolalarni aytmaysizmi!"
"Buyuk Ipak Yo’li” deya
nomlangan katta opera tomoshasida Yulduz Usmonovaning “Shoh va gado” qo’shig’i
ham ijro etiladi.