Barak Obama Dmitriy Medvedev bilan Londonda, Katta Yigirmalik sammiti doirasida uchrashib, strategik qurollarni qisqartirish borasida muzokaralarni jonlantirishga kelishib olgan.
Obama va Medvedev AQSh-Rossiya aloqalarida yangi sahifa ochish vaqti keldi deydi.
"Konstruktiv muloqot orqali har ikki tomon manfaatlariga javob beruvchi mavzular bo'yicha ish boshlashga kelishdik, xususan yadro qurollarini qisqartirish va ularning tarqalmasligiga doir bitimlarni kuchaytirish," deydi Obama.
1991 yili imzolangan Strategik qurollarni qisqartirish, inglizchasiga START, ruschasiga SNV bitimining amal qilish muddati joriy yil dekabr oyida tugaydi. Londonda Obama va Medvedev hujjatni yangilashga doir muzokaralarni o'tkazishga ko'rsatma berdik deydi.
Amaldagi bitimga muvofiq, har ikki tomon yadro arsenalini qisqartirib, 1700-2200 dona atrofida ushlab turishi kerak. Yangi bitim, deydi ikki davlat rahbarlari, cheklovlarni yanada kengaytirishga qaratiladi.
"AQSh-Rossiya munosabatlarida yangi davrga guvoh bo'lyapmiz," deydi Obama Medvedev bilan uchrashuvi boshida.
Obama Medvedev taklifiga ko'ra iyul oyida Rossiyaga tashrif buyurishini aytgan.
Rossiya prezidenti ikki davlat aloqalari so'nggi paytda oqsaganini tan oladi.
"Munozarali masalalarga qaramay davlatlarimiz umumiy muammolarni hal etishda hamkorlikni kuchaytirishi mumkin," deydi Kreml rahbari.
Oq uyga ko'ra, uchrashuv cho'gida prezidentlar Gruziyadagi vaziyat, AQShning Yevropada raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimini o'rnatish rejasini ham muhokama qilgan.