Turkiya Rossiya mahsulotlariga cheklov joriy etishi mumkin. Tashqi savdo vaziri Kursad Tuzmenning aytishicha Turkiya yuk mashinalari Rossiya chegarasida jiddiy tekshiruvlarga duch kelmoqda.
AQSh harbiy kemalari Bosfor bo'g'ozi orqali Qora dengizga kirayotgani Rossiyaning kuchli noroziligiga sabab bo'lgan. 1936 yilda imzolangan shartnomaga muvofiq Bosfor bo'g'ozini Turkiya nazorat qilib keladi.
NATO Qora dengizga harbiy kemalarini safarbar etayotgani Rossiyani xavotirga solmoqda. "Xalqaro qonunlarga muvofiq ular dengizni 21 kun ichida tark etishi shart", - deydi Rossiya rasmiylari.
AQSh harbiy kemalari Gruziyaning Batumi portiga gumanitar yordam yetkazgan. NATOning yana 10 ga yaqin kemasi dengiz tomon yo'nalmoqda. "Nima maqsadda", - deb so'raydi Rossiya generali Anatoliy Nogovitsyn.
Turkiya nazorat qiluvchi 32 kilometrli Bosfor bo'g'ozi kemalarning Qora dengizga kirib-chiqishi uchun yagona yo'ldir.
"Turkiya NATOga a'zo davlat. Qo'shni Gruziya bilan iqtisodiy va harbiy hamkorlik qiladi. Biroq Rossiyaning ham yaqin savdo hamkori. Turkiya ehtimol mojaroda u yoki bu tomonni tanlashi kerak bo'ladi", - deya vaziyatni izohlaydi tahlilchi Soli Ozel.
Turkiya-Rossiya o'rtasidagi savdo hajmi 10 milliard dollarga teng. Turkiya Rossiya neft va gaziga ham muhtoj davlat ekan, o'rtaga ko'p narsa tikilgan.
Turkiya Tashqi savdo vaziri Kursad Tuzmen taxminicha Rossiya yangi boj to'lovlarini joriy etib, Turkiyani jazolashga urinayotgan bo'lishi mumkin. Rasmiy Anqara bunga javoban Rossiyaning Jahon Savdo Tashkilotiga kirishiga to'sqinlik qiladi, deydi u.
Turkiya matbuotida "Rossiya-G'arb o'rtasidagi ziddiyatga neytral munosabatda bo'lish lozim" degan chaqiriqlar yangramoqda.