Turkiyaning Istanbul shahrini qaqshatgan portlashlarda 17 kishi halok bo'lgan. Jarohat olganlar soni - 150 dan oshiq.
Politsiya ma'lumotlariga ko'ra, Istanbulning Gungoren hududida axlat qutilarida joylashtirilgan bombalar tungi soat o'nlarda, birin-ketin harakatga keltirilgan.
Birinchi kichikroq portlash, deydi guvohlar, voqea joyiga olomonni jalb etgan. Uning ketidan ro'y bergan ikkinchi - kuchli portlash atrofga va odamlarga jiddiy talofat yetkazgan.
Turkiya prezidenti Abdulla Gul portlashlarni qoralab, ularning ortida turganlar bunday vahshiylik orqali hech narsaga erisha olmaydi deydi. Politsiya voqeada kurd jangarilarini gumon qilyapti.
Ikki yil ilgari, Kurdiston Ishchilar Partiyasiga aloqador guruh Turkiyaning dam olish maskanlarida qator portlashlar uyushtirgan edi. Turkiya harbiylari ayni damda Iroq shimolida kurd jangarilarga qarshi muntazam amaliyotlar o'tkazib keladi.
"Hukumat terrorizmga qarshi kurashni davom ettiradi. Jinoyatchilar qonun oldida javob beradi", - deydi Turkiya Ichki ishlar vaziri Beshir Atalay.
Portlashlar Turkiya Konsitutsion Sudi hukmron partiyaga qarshi da'voni ko'rib chiqayotgan bir paytda ro'y bermoqda.
Mamlakat Bosh prokurori Abdurahmon Yolchinqoya Adolat va Taraqqiyot partiyasini dunyoviy tuzumga rahna solayotganlikda ayblab, uning a'zolarini siyosatdan chetlatishni so'ragan.