Iroq Kurdistoni mintaqasi hukumati Turkiya armiyasining shimoldagi harbiy operatsiyalarini to’xtatmagani uchun rasmiy Bag’dod va Vashingtonni tanqid ostiga olmoqda. So’nggi bir nech kun ichidagi to’qnashuvlarda yuzdan ortiq kurd jangarisi va bir necha turk askari halok bo’lgan.
Kurdiston Bosh vaziri Nashirvon Barzani markaziy hukumatni zaiflikda ayblagan.
"AQSh hukumati Turkiya operatsiyalari Yangi yilgacha tugaydi deb ishontirgan, biroq so’zi ustidan chiqmadi," deydi Barzani.
Iroq Kurdistoni prezidenti Masud Barzani esa Jorj Bushga shoshilinch maktub yo’llab muammoni hal qilishni so’ragan.
Turkiya Iroq shimoliga minglab qo’shinlar va tanklarni jo’natgan. Maqsad Turkiyaga xurujlar uyushtirayotgan Kurdiston Ishchilar Partiyasi jangarilarini yo’q qilish.
Kurdiston Ishchilar Partiyasi 1984 yildan buyon Turkiya janubi-sharqida o’z muxtoriyati uchun kurashib keladi. Iroq shimolidagi bazalaridan esa chegara orti xurujlarini uyushtirish uchun foydalanadi.
Barzanining aytishicha, Turkiya jangarilar bahonasida ularga aloqador bo’lmagan infratuzilmani vayron qilib, Kurdistonni ham nishonga olishga harakat qilmoqda.
Turkiya Iroq hukumati ruxsati bilan mamlakat shimolida uchta baza ochgan. Iroq Kurdistoni askarlari o’tmishda turk harbiylariga Kurdiston Ishchilar Partiyasi jangarilariga qarshi jang qilishda yordam bergan. Partiya AQSh va qator davlatlar tomonidan terrorchi tashkilot deb tan olingan.
AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts Turkiyani harbiy yurishlarni tezroq tugatishga chaqirmoqda. Iroq hukumati fikricha Turkiya harakatlari mamlakat suverenitetiga tahdid solmoqda.
Rasmiy Anqara esa Iroq shimolida uch mingga yaqin jangari yashiringan deydi.
Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyib Erdo’g’anning aytishicha, armiya faqat jangarilarni nishonga oladi.
So’nggi uch kun ichida Turkiya armiyasi 15 askar va bir vertolyotidan, jangarilar esa 100 dan ziyod kishisidan ayrilgan.