Breaking News

Turkiyzabon xalqlar vakillari Bakuda qurultoy o'tkazdi


Bakuda o'tgan turkiy davlatlar qurultoyida Turkiya, Turkmaniston, Tojikiston, Mo’g’uliston, Qozog’iston, Qirg’iziston va O’zbekiston rasmiylari, shuningdek boshqa qator davlatlarning turkiy jamoa vakillari qatnashgan.

Anjumanda xalqaro aloqalar, iqtisodiyot, axborot texnologiyasi, savdo aloqalari, fan va texnika, turizm, madaniy aloqalar muhokama qilingan.

Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan ma`lumotga ko`ra, qurultoyning Bakuda o`tishi mamlakat prezidenti Ilhom Aliyev tashabbusi bilan amalga oshgan. Bungacha Turkiy davlatlar qurultoyi asosan Turkiyada o`tkazib kelingan.

Turkiy davlatlar qurultoyiga nisbatan O`zbekiston rasmiylari munosabati qanday ekani ma`lum emas. Siyosiy sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov fikricha, qurultoyning Bakuda o`tgani Turkiya va Ozarbayjon o`rtasidagi iqtisodiy aloqalar mustahkamlanayotgani bilan bog`liq.

“Mintaqa davlatlaridan vakillar qatnashishi mumkin, lekin bu qurultoy MDH [Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi] miqyosidagi uchrashuvlar kabi konstruktiv o`tmasa kerak. Chunki mintaqa davlatlari Yevrosiyo iqtisodiy hamjamiyati, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti kabi tashkilotlarga a`zo. Hamkorlikni asosan shu yo`nlishda rivojlantirish tarafdori”, - deydi Soyibnazarov.

O`zbekistonda turkiylik sohasida izlanishlar olib borayotgan tadqiqotchilar juda kam. Keyingi paytda tarixiy asarlar tarjimasi bilan shug`ullangan yozuvchi Zohir A’lam turkiy davlatlar birligining yemirilishi hamisha uchinchi bir tomonga bog’liq bo`lib kelganini ta`kidlaydi.

“Ikki yarim ming yil avval ham Xitoy imperatorligi maxsus ayg’oqchilar yordamida turk xalqlarini bir-biri bilan urushtirgani tarixiy hujjatlar bilan ko`rsatilgan. Bularni o`rganish kerak. O’tayotgan qurultoyda ham belgilangan masalalar bo`yicha ishlash kerak. Davlatlarni bir-biriga qarshi qo’yayaotgan buyuk qo’shnilarimiz ekanligini aniq misollar bilan ko`rsatish kerak, birlashishga chaqirish kerak”, - deydi Zohir A’lam.

Kuzatuvchilar so’zlariga qaraganda, o`tgan asr boshlarida Turkistonda kuzatilgan milliy ozodlik harakati asosan turkiylik g’oyasi bilan bog’liq. Sovet imperiyasi bosqinidan so`ng bu g’oyaga panturkizm atamasi yopishtirilgan. Avloniy, Fitrat, Cho’lpon kabi yuzlab fidoiylar shu atama ostida qirg`in qilingan.

Bugun milliy ozodlik uchun kurashgan jadidlar xotirasi tiklangan, biroq ular faoliyatining asosi sanalgan turk xalqlari birligi unutilgan.

Tilshunos olim Baxtiyor Isabekning aytishicha, bugun migratsiya, iqtisodiy aloqalar kabi masalalarga kelganda chegarani mahkamlab o`zini yakkalagan O`zbekiston hukumati milliy masalada ham shunday siyosat yuritayapti.

“Agarda ular turk xalqlari yaqingacha bitta adabiy tilda gaplashgani, dini bittaligi, bu xalqlarni bir-biridan ajratib bo`lmasligini anglaganda edi, turk o`zbek emas, o`zbek turk emas degan siyosatni olib borish mutlaqo noto’g’ri ekanligini anglagan bo`lardi ”, - deydi Isabek.

Turkiy davlatlar qurultoyida Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdog’an, Turkiya sobiq prezidenti Sulaymon Demirel va mingdan oshiq delegatlar qatnashgan.

XS
SM
MD
LG