Breaking News

Turkiya-O'zbekiston aloqalarining istiqboli qanday?


Turkiyada Abdulla Gul prezident etib saylangach, Markaziy Osiyo-Turkiya aloqalarida jiddiy siljish ro’y berishi kutilmoqda.

Kuzatuvchilarning aytishicha, shu damga qadar Turkiya va O`zbekiston o`rtasidagi siyosiy aloqalarda turg’unlik kuzatilgan.

O`zbekistonda ishlab kelayotgan turkiyalik jurnalist Otif Alaning so’zlariga ko`ra, Abdulla Gul siyosatida Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalarni rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratiladi.

“Oldingi prezident davrida Markaziy Osiyo davlatlari bilan siyosiy aloqalarga unchalik ahamiyat qaratilmagan edi. Bir marta prezident va bosh vazir tashrifi kuzatilgan. O`zbekiston bilan aloqalar esa deyarli to`xtab qolgan deyish mumkin. Abdulla Gul Markaziy Osiyoga qiziqishi bo`lgan bir kishi. Kim qaysi partiyadan bo`lishiga qaramasdan, Turkiya prezidenti sifatida mintaqaga alohida ahamiyat beradi deb o`ylayman. Tashqi safarlarini ham birinchi galda Markaziy Osiyodan boshlasa kerak”, - deydi jurnalist.

Siyosiy sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov nazarida Turkiya Markaziy Osiyo bilan aloqalarni rivojlantirishga unchalik qiziqmay keladi.

“Turkiya tashqi siyosatida Ozarbayjon va Gruziya bilan munosabatlarni shakllantirishga ahamiyat qaratib kelinmoqda. Lekin Markaziy Osiyoga nisbatan aniq bir strategik siyosat ko`zga tashlanmaydi”, - deydi Soyibnazarov.

Abdulla Gulning o'zi qanchalik rad etmasin, deyishadi ayrim tahlilchilar, o'z siyosatida uning islomiy ruhdagi "Adolat va Taraqqiyot" partiyasidan ekani baribir seziladi. Bu esa O`zbekiston bilan aloqalarning tiklanishida murakkablik tug`dirishi mumkin.

Abdulla Gul Turkiya dunyoviy boshqaruv usulidan voz kechmaydi deydi va mamlakatni konstitutsiyaga ko`ra yuritishga va'da bergan.

Jurnalist Otif Alaning ta’biricha, yangi prezident kim ekanini bilish uchun yarim yil yetarli.

“Abdulla Gul oldin kiygan ko’ylagini yechib, yangi bir imak [qiyofa] bilan kelgan. U islomiy partiyadan kelgan degan fikr yaqin yarim yil ichida almashadi”, - deydi turkiyalik jurnalist.

Siyosiy sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov ham Turkiya Mustafo Kamol Otaturk belgilagan dunyoviy yo`ldan boradi deb hisoblaydi.

“Bundan tashqari, harbiylarning ta’siri kuchli ekanini e`tibordan qochirmaslik kerak. 1960, 1971 va 1980-yillardagi davlat to`ntarishlaridan, albatta, Abdulla Gul hukumati ham xulosa chiqaradi”, - deydi Soyibnazarov.

Abdulla Gul turkiy davlatlar bilan vizali tartibni bekor qilish haqida gapirib keladi. Shuningdek, Markaziy Osiyoning har bir respublikasi bilan alohida, mukammal hamkorlik qilish muhim deb hisoblaydi.

O'zbekistondagi kuzatuvchilar fikricha bu umid uyg'otadi, lekin O'zbekiston hukumati odatda oshkora siyosat yuritmaydigan tuzum va uning Turkiyadagi o'zgarishlardan naqadar umidvor yoki umidvor emasligi hozircha mavhum.

XS
SM
MD
LG