Breaking News

Neftga boy Ozarbayjonda musulmonlar hukumatga tobora ters


Xalqaro siyosatda neftga boy davlatlarni balo urgan deb hazillashishadi. Chunki nefti bor mamlakatlar rivojlanmagan va beqaror.

Bu jamiyatlarda korrupsiya chuqur ildiz otgan va oshkoralik yetishmaydi. Masalan, deydi tahlilchilar, Ozarbayjonda avtoritar rahbar hukmron.

Aholisining ko’pi musulmonlardan iborat bu davlatda ishsizlik kun sayin keng quloch yozmoqda.

Bakudagi Abu-Bakr masjidi shu qadar gavjumki, odamlar sig’maganidan tashqarida namoz o’qiydi.

Ozarbayjon o’zini musulmon mamlakat deb biladi. Lekin din haqida hamma turlicha fikrlaydi. Sovet Ittifoqi davrida masjidlar o’rnini ko’p hollarda kommunistik partiya idoralari egallagan edi. Hozir manzara ancha o’zgacha.

Masjidga qatnaydigan kishilar nazarida mustaqillik yillarida diniy erkinlikka erishildi. Ammo, bu musulmonlar nazarida, hukumat aqidaparastlik illatidan ogoh bo’lib turgani ma’qul. Ektremist va radikal kuchlar har yerda topiladi deydi ular.

Ozarbayjonning Diniy masalalar bo’yicha vaziri Hidoyat Orujov terrorchilar “masjidlardan o’z qora maqsadi yo’lida foydalanishi mumkin” deydi.

“Ular Ozarbayjon tinchligiga rahna solmoqda. Turli harakatlar bilan. Hukumat va ichki ishlar xodimlari vaziyatni kuchli nazorat ostiga olgan. Bu yovuz kuchlarga qarshi kurashga bel bog’laganmiz.”

Bakudagi mish-mishlarga ko’ra, Abu Bakr masjidida Saudiya Arabistonidan tarqalgan vahobiy oqimi vakillari yig’ilib turadi. Lekin masjid imomi bu gaplarni inkor etmoqda.

Masjidda siyosat haqida og’iz ochilmaydi, ekstremistik mafkuralar ham biz uchun yod deydi masjiddagilar. Ular fikricha hukumat masjidga tuhmat qilmoqda. Hoji Og’atagi “meni hech bir aybsiz qamab qo’yishdi” deydi. Besh kunga. Soqolini qirib tashlashdi.

“Militsiya meni to’xtatsa, qani soqol qo’yilmasin degan qonunni ko’rsat deyman. Ular menga sen vahobiysan deydi. Shu bois senga qo’pol muomala qilishga haqqimiz bor deydi.”

Ozarbayjon o’zini diniy jihatdan bag’rikeng jamiyat deb hisoblaydi. Chet elliklar Bakuda xotin-qizlarning kiyinishiga qarab, bu Tehron emas, Parij deyishadi. Hukumat o’zini dunyoviy deb tanitadi, ammo muxolifatni ancha cheklab qo’ygan.

Bakuda siyosiy tadqiqot va lobbichilik bilan mashg’ul tashkilot vakili Ilgar Mamadov siyosiy repressiya salbiy oqibatlarga yetaklaydi deydi.

Ozarbayjon shu yo’lda davom etsa, 10-15 yil ichida fundamentalizm oqibatlari bilan yuzlashsak ajabmas. Saylovlar adolatsiz. Mo’tadil kuchlar va demokratiya bosim ostida. Bugungi tashvishlar, nazarimda, dengizdan bir tomchi.

Mamadov fikricha xalqaro hamjamiyat Ozarbayjondagi o’zgarishlarni ko’zdan qochirmasligi, hukumatni siyosiy islohotlarga undashi lozim.

Qo’shma Shtatlar neft zahiralariga boy bu jamiyatda demokratiyani targ’ib qilishda davom etajagini qayd etadi.

Tanqidchilar bu bayonotlarda haqiqat yo’q deydi. AQSh, deydi ular, Ozarbayjonda demokratiyaga emas, uning neftiga ko’z tikkan. Hozirgi siyosat shuni aks ettiradi, deydi Vashingtonda siyosiy tahlilchi Aleks Alekseyev.

“Vashingtonning demokratiya targ’iboti, tan olish kerak, samimiy emas.”

Alekseyev fikricha Vashington o’z strategik hamkorlarini - ular diktaturalar bo’lsa ham - tanqid qilishdan qochadi. Bu uzoq muddatda hammaning manfaatiga qarshi siyosat deydi tahlilchi.

AQSh Kaspiy dengizi bo’yidagi davlatlar bilan haqiqatda hamkorlik qilmoqchi bo’lsa, ular bilan xolis siyosat yuritish kerak deydi Alekseyev.

XS
SM
MD
LG