Breaking News

AQSh-Ozarbayjon aloqalari rivojlanmoqda


AQSh Davlat kotibining siyosiy va harbiy masalalar bo’yicha yordamchisi Stiven Mal Ozarbayjon hukumatiga jahon bo’ylab turli harbiy dasturlarda, jumladan Afg’oniston va Iroqdagi operatsiyalarda faol ishtirok etayotgani uchun minnatdorchilik bildirdi. Yaqinda Stiven Mal va AQSh Davlat kotibining Yevropa va Yevrosiyo masalalari bo’yicha muovini Matyu Brayza Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri o’rinbosari Oraz Azimov bilan Vashingtonda uchrashgan. Ozarbayjon armiyasini zamonaviylashtirish va Ozarbayjonning NATO dagi faoliyati muhokama qilingan.

Stiven Malning aytishicha, ular Ozarbayjonning NATO bilan yanada yaqinroq hamkorlik qilishi va AQShning unga harbiy yordam berishi haqida suhbatlashgan.

Ozarbayjon rasmiysi Oraz Azimovning aytishicha, AQSh va Ozarbayjon hamkorligi juda kuchli va bundan keyin ham kengayadi.

AQSh Davlat departamenti rasmiysi Mattyu Brayza energetik xavfsizlik borasidagi hamkorlikka urg’u beradi.

"Energetik xavfsizlik deganda yonilg’ini turli yo’llar bilan ta’minlash, muqobil yonilg’iga ega bo’lish nazarda tutiladi. Bugunda Ozarbayjon tabiiy gaz ishlab chiqarishda oldingi o’rinlarda turibdi. Yevropaga gaz uzatish yo’llarini boyitishda va uning ishonchli ta’minotchi hamkorlarga ega bo’lishida katta rol o’ynaydi."

Mattyu Brayzaning aytishicha, ikki davlat iqtisodiy va siyosiy islohotlardan manfaatdor.

"Aholisining aksariyati musulmon bo’lgan hamda turli din vakillarining vatani bo’lmish Ozarbayjonning demokratik davlatga aylanishi strategik ahamiyat kasb etadi. Ozarbayjonda turli mazhabdagi musulmonlar, pravoslav nasroniylar, katoliklar va boshqalar istiqomat qilishini alohida ta’kidlash lozim," deydi u.

AQSh Davlat kotibi muovini Mattyu Brayzaning ta’kidlashicha, Qo’shma Shtatlar va Ozarbayjon umumiy xavfsizlik va energetik manfaatlarga ega. Ikkala davlat ham siyosiy va iqtisodiy erkinliklarni kengaytirishga qaratilgan islohotlardan manfaatdor, deydi AQSh rasmiysi.

XS
SM
MD
LG