Breaking News

AQSh Turkiyaga kurd jangarilariga qarshi kurashda yordam beradi


Prezident Bush Oq uyda Turkiya bosh vazirini qabul qilar ekan, Iroq shimolidan Turkiyaga qarshi hujum uyushtirayotgan kurd jangarilarini yo’q qilish kerakligini ta’kidlagan. Bush Turkiya bilan bu borada hamkorlik qilishga va’da berdi.

Rejeb Toyyib Erdo’g’an bilan uchrashuvdan so’ng muxbirlar savollariga javob berar ekan, Bush Kurdiston Ishchilar Partiyasini terrorchi tashkilot, Turkiya, Iroq va AQShga dushman deb atadi.

Bush AQSh va Turkiya o’rtasida razvedka ma’lumotlari almashinuvi kuchaytirilishini ma’lum qilgan.

Turkiya bosh vaziri AQSh hamkorligini qabul qilishini, biroq shu bilan birga kurd jangarilariga qarshi mustaqil ravishda harakat qilish huquqiga ega ekanini aytdi.

Erdo’g’an 17 oktyabr kuni Turkiya parlamenti hukumatga bunday huquq berganini va kurdlarga qarshi harbiy harakatlarni, kerak bo’lsa, Iroq cheragasini kesib o’tib amalga oshirish vakolatiga ega ekanini eslatdi.

Shunday bo’lgan taqdirda AQSh razvedka ma’lumotlari as qotgan bo’lar edi, dedi Turkiya rahbari.

Bush ma’muriyati Turkiyaning Iroq hududiga kirishini istamaydi. Chunki Iroq shimoli mamlakatning eng tinch hududlaridan hisoblanadi va AQSh u yerda beqarorlik bo’lishiga qarshi.

Bush-Erdo’g’an uchrashuvidan bir kun oldin kurd jangarilari qo’lga olingan sakkiz nafar turk askarini ozod etgan.

XS
SM
MD
LG