Breaking News

Afg'onistonda tartib o'rnatishga hali ham kech emas


Osiyoshunos mutaxassislar Barak Obama ma’muriyatiga Afg’oniston va Pokiston strategiyasi bo’yicha tavsiya-maslahatlar bermoqda.

AQShning mintaqada terrorchi va esktremist guruhlarni yengishga qaratilgan hozirgi siyosati sayoz, deydi ular. Bu mamlakatlarda markaziy hukumatga tayanch bo’lib, demokratik g’oyalarni targ’ib qilgan bilan hech narsa o’zgarmayapti. Mutaxassislar nazarida AQSh maqsadni aniqroq qo’yishi kerak.

Prezident Barak Obama Afg’onistonning jangari makoni hisoblangan chegara hududlariga 17 ming qo’shimcha askar jo’natishga ko’rsatma bergan. Ammo harbiy salohiyatni oshirish bilan ish bitmaydi, deydi prezident. Vashington iqtisodiy va diplomatik harakatlarga zo’r beradi.

AQSh Mudofaa oliygohi rahbari general Deyvid Barno fikricha xalqaro hamjamiyat Afg’onistonni jangarilarga boy beryapti. “Mamlakatda tartib o’rnatishga hali ham kech emas. AQSh yetakchilikni qayta qo’lga olishi, strategik yo’nalishni belgilab, iroda va qat’iyat bilan harakat qilmog’i lozim”, - deydi u.

“Narkotiklar savdosiga qarshi kurash, adliya islohoti, armiya va politsiya malakasini oshirish hamda iqtisodiy dasturlar yangi strategiyaning tarkibiy qismi bo’lishi shart”.

Deyvid Barno uch bosqichdan iborat reja taklif qilmoqda. AQSh va NATO kuchlari birinchi navbatda Afg’onistonda bu yil prezident saylovlari muvaffaqiyatli o’tishi uchun zarur sharoit yaratishi kerak. Kelasi yil asosiy e’tiborni armiya salohiyatini oshirishga qaratsin. Uchinchi uzoq muddatli yo’nalish mamlakat xavfsizligini mahalliy kuchlarga topshirishdan iborat.

Xalqaro xavfsizlik masalalari bo’yicha ekspert Jeyms Dobbins deydiki, AQShning vazifasi Tolibonni yengish yoki afg’on jamiyati kelajagini belgilash emas. Buni afg’onlarning o’zi hal qilsin, deydi u. Xalqaro qo’shin, uning nazarida, odamlarning normal hayot kechirishi uchun xavfsiz sharoit yaratib bersa bo’lgani.

Mintaqa barqarorligiga eng katta tahdid Pokistondan kelayotganiga shubha yo’q. General Deyvid Barno fikricha mamlakat harbiy va iqtisodiy islohotga muhtoj va AQSh bu jarayonda ko’maklashishi lozim.

Vashington Pokistondan ekstremizmga qarshi kurashda jiddiy hamkorlik istasa bu mamlakatga moliyaviy ko’makni bir necha baravarga oshirsin degan takliflar ham yangramoqda.

Siyosatshunos olim Marin Strmekiga ko’ra AQSh Pokiston infrastrukturasi, ta’lim sohasi, iqtisodiyotini tiklashga yordamni ayamasligi kerak – agar rasmiy Islomobod ham terrorga qarshi kurashda to’liq hamkorlik qilsa.

Amerikaning qator qonunchilari Pokistonga muayyan shartlar asosida yordamni oshirish mumkin deb chiqmoqda.

XS
SM
MD
LG