Breaking News

NATO Afg'onistonga ko'proq noharbiy yordam ko'rsatmoqchi


Qo’shma Shtatlar Afg’onistonda qo’shin sonini oshirishni mo’ljallar ekan, yana 20 mamlakat, jumladan NATO a’zolari ham bu missiyaga ko’proq hissa qo’shishini ma’lum qilgan.

“Afg’onistonda avgust oyida prezident va mahalliy kengash saylovlari o’tishi kutilmoqda. NATO bu tadbirga tayyorgarlik doirasida ko’proq askar ajratsin”, - deydi AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts.

Geyts NATO davlatlari mudofaa vazirlarining Polshada o’tgan yig’ilishida nutq so’zlagan. Uning aytishicha, AQShga ittifoqchi mamlakatlar ikki usulda yordamlashishi mumkin. Birinchisi, yozgi saylovlar oldidan xavfsizlikni mustahkamlash. Uzoq muddatda esa afg’on politsiyasi tayyorgarligini oshirishi hamda qayta qurish loyihalarini jadallashtirish orqali.

“Afg’onistonga harbiy va no-harbiy yordam ko’rsatish birdek muhim”, - deydi Robert Geyts. Harbiy ishtirokini kengaytirishni istamayotgan davlatlar boshqa bir jabhada – iqtisodiyot va boshqa sohalarni oyoqqa turg’azishda ko’maklashsin, deydi u.

Polshada o’tgan ikki kunlik muzokaralar natijasiga ko’ra, 10 davlat Afg’onistonga harbiy texnika, jumladan jangovar samolyot va vertolyotlar, tibbiy guruh va askar jo’natishga rozilik bergan.

15 ga yaqin davlat quruvchi-muhandislar va afg’on armiyasi uchun murabbiylar yetkazmoqchi. Eng katta harbiy yordam Germaniyadan kelishi kutilmoqda - qo’shimcha 600 nemis zobiti Afg’onistonga yo’l oladi. Italiyadan esa 500.

Prezident Barak Obama, deydi vazir, missiya maqsadlarini aniq belgilab olish va ularga qanday erishish ustida ishlamoqda. “Shart, xarajat va ehtiyojlar nimadan iborat ekanini kelasi oy NATO sammitida bayon qilamiz va ittifoqchilar missiyaga arziguli hissa qo’shadi degan umiddamiz”, - deydi Robert Geyts.

Bugun AQSh Vakillar Palatasi spikeri Nensi Pelosi Kobulda prezident Hamid Karzay bilan uchrashib, mamlakatdagi vaziyat hamda AQSh ishlab chiqayotgan strategiya borasida fikr almashgan.

XS
SM
MD
LG