Afg’onistondagi vaziyatni yaqindan kuzatib borayotgan xalqaro tashkilot Tolibon harakati keng qanot yozayotgani haqida ogohlantirmoqda.
"Mamlakatning 75 foiz qismida Tolibon mahkam joylashib olgan va aholi tinchligiga raxna solishda davom etmoqda",- deydi Xavfsizlik va Taraqqiyot Xalqaro Kengashi rahbari Pol Burton.
Yaqin kungacha ham toliblar faqat janub va sharqda faol ekani
ma’lum edi.
"Bugunga kelib Afg’oniston g’arbi va shimoli ham ular tahdidi ostida", - deydi janob Burton.
Notinch
o’lka xavfsizligi uchun mas’ul NATO va afg’on hukumati yuqoridagi
xulosani inkor etmoqda.
"Tolibon qayta jonlangani sir emas, ammo xavf
darajasi u qadar yuqori emas",- deydi NATO so’zlovchisi Jeyms Appaturay.
“Tolibon hamon janub va sharqda kuchli, Afg’onistonning qolgan qismlari ancha tinch”, - deydi u.
Afg’onistonda
Tolibon hokimiyati ag’darilganiga yetti yildan oshdi. O’shanda afg’on
siyosatchilari Germaniyaning Bonn shahrida yig’ilib, mamlakatni qayta
qurishga va’da bergan edi. Bugun mamlakat hamon terror o’chog’i bo’lib
qolmoqda. Barqarorlikdan darak yo’q. Buni Tolibon bilan bas kelishga
urinayotgan xalqaro koalitsiya ham tan olmoqda.
BMT bosh
kotibining Afg’onistondagi maxsus vakili Kay Idining ogohlantirishicha, havo hujumlarida begunoh odamlarning nobud
bo’layotgani afg’onlarning xalqaro qo’shinga nisbatan nafratini
kuchaytirmoqda.
2001 yilda AQSh bochchiligidagi koalitsiya
Afg’onistonga kirib borganida, dushmanga havodan zarba berish eng qulay
taktika ekani isbotlangan edi.
Biroq toliblar bugun aholi punktlarini
o’ziga manzil qilgan. Ular yashiringan qishloqlarning yer bilan yakson
qilinishi xalqaro kuchlarga ishonchni pasaytirmoqda. Bu esa dushmanga
qo’l keladi, deydi Kay Idi, "New York Times" gazetasiga bergan
intervyusida.
Shu yilning aprel oyida BMT bosh kotibining
Afg’onistondagi maxsus vakili etib tayinlangan norvegiyalik diplomat
shuningdek qayta qurish loyihalariga mas’ul.
Uning aytishicha Afg’onistonda yo’l, maktab va kasalxonalar qurish jarayoni juda sekin kechayogani, aholi turmush darajasi yaxshilanmayotgani norozilikka sabab bo’lyapti.
Bu o’z navbatida qashshoqlik va ishshizlik
muammolariga ulanib ketadi. Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay
nazarida ham harbiy, ham iqtisodiy jabhada ish sust olib borilayti.
Uning gapida jon bor, deydi BMT vakili.
Qo’shma Shtatlar
Afg’onistonga 20 ming sonli qo’shin jo’natish arafasida. Hozir
mamlakatda 34 ming amerikalik askar xizmatda. Bu bilan, deydi harbiy
tahlilchilar, AQShning amaldagi va bo’lajak ma’muriyati Iroqda
orttirilgan tajribani qisman Afg’onistonda ham qo’llamoqchi.
“Ammo
Afg’oniston bu Iroq emas”, - deydi sobiq ichki ishlar vaziri Ali
Jaloliy. Uning fikricha mamlakatda tinchlik o’rnatish uchun 10 yilcha
vaqt kerak.
Iroqdan farqli o’laroq, Afg’oniston aholisining
yarmi qishloqlarda istiqomat qiladi. Bu olis hududlarda hukumatning
qayta qurish siyosatiga nisbatan norozilik kuchli. Tolibonga xayrixoh
odamlar ko’p.
Iroq bilan solishtirganda, 32 million aholiga
ega Afg’onistonning o’z xavfsizlik kuchlari ham yetarli emas. Kelasi
4-5 yil ichida armiya safini 70 mingdan 134 mingga kengaytirish rejasi,
hisoblarga ko’ra, 17 milliard dollarga tushadi.
Ammo
tahlilchilar ta’biricha asosiy muammo - Afg’onistonda markaziy hukumat
tushunchasining o’zi yo’q. So’nggi paytlarda Tolibon bilan muzokara
bo’lishi haqida gap ko’p, ammo jangarilar zaif hukumat bilan
gaplashirmikan?
2001-2004 yillarda BMT bosh kotibining
Afg’onistondagi maxsus vakili bo’lib ishlagan Laxdar Brahimi 3 savolni
o’rtaga tashlaydi:
- Tolibon o’zi kim va nima istaydi? Aholi bu harakatga qanchalik xayrixoh?
- Afg’oniston va Pokiston o’rtasida ishonchni tiklash nima talab qiladi?
- Mintaqadagi jarayonlarning bu ikki mamlakat munosabatlari va xususan Afg’onistondagi muhitga ta’siri qanday?
Laxdar
Brahimi nazarida bu savollarga javob topmay turib, yangi strategiya
haqida gapirish mushkul.
Uni ishlab chiqish Afg’oniston qo’shnilari, shu qatorda Hindiston, Eron va Saudiya Arabistoni, BMT Xavfsizlik Kengashi a’zolari va xalqaro donorlarning faol ishtirokini taqozo etadi.