NATO Bosh kotibi Yaap de Xup Sxeffer alyansga a'zo davlatlarni Afg'onistonda Tolibonga qarshi yetarlicha kurashmayotganlikda tanqid qilgan. Uning aytishicha, yaralangan askarlarni jang maydonidan o'z vaqtida olib chiqish uchun vertolyotlar yetishmayapti.
Alyans rahbari tashkilotga a'zo davlatlar mudofaa vazirlari bilan uchrashar ekan, Afg'onistonda muvaffaqiyat qozonish uchun zarur talablarni olg'a surgan.
"Afg'on armiyasini tayyorgarlikdan o'tkazadigan harbiy mutaxassislar va shifokorlardan tashqari vertolyotlar va askarlar kerak. Ittifoqchi davlatlar bu borada jonbozlik ko'rsatmayapti," deydi Sxeffer.
NATOning Afg'onistonda 51 ming qo'shini bor. Ammo alyans rahbari fikricha, bu yetarli emas. Uning aytishicha, jangarilarga qarshi kurashish bilan birga qoradori savdosiga ham barham berish kerak. Chunki undan tushayotgan daromad jangarilarni moliyalashga sarflanmoqda.
Bugun ma'lum bo'lishicha, NATO AQSh qo'shinlariga Afg'onistonda qoradori savdogarlariga qarshi harbiy kuch ishlatishga ruxsat bergan.
AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts ham NATO uchrashuvida boshqa a'zo davlatlarni faolroq harakat qilishga chaqirgan.
Geyts nazarida Afg'oniston armiyasi sonini 80 mingdan 130 minggacha oshirish kerak.