Breaking News

Barak Obama Markaziy Osiyodagi vaziyat bilan tanishmoqda


AQShning yangi saylangan prezidenti Barak Obama Qozog’iston prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qilgan.

AQShning bo'lajak ma’muriyati Markaziy Osiyoga nisbatan qanday siyosat yuritishi hozircha aniq emas.

Sharhlovchilar fikricha, AQSh-O’zbekiston aloqalarida demokratik islohotlar bo’yicha yangilik kutish qiyin, ayniqsa, Afg’onistonda vaziyat og’irlashib, O’zbekiston bilan bu borada hamkorlikka ehtiyoj kuchayar ekan.

Qozog’iston matbuoti xabariga ko`ra, Barak Obama va Nursulton Nazarboyev xavfsizlik, moliyaviy inqirozga qarsi kurash, global hamkorlikni mustahkamlash va AQSh-Qozog’iston aloqalarini yangi bosqichga ko’tarish haqida gaplashgan.

Sharhlovchilar nazarida AQSh-Qozog’iston aloqalari Bush davrida ham yaxshi rivojlangan va shu maromda davom etishi mumkin.

Muxolifatdagi “Erk” partiyasi vakili Otanazar Oripovning aytishicha, Amerika va O'zbekiston orasida Afg’oniston yuzasidan hamkorlik rivojlanadi, xolos.

Uning fikricha Obama siyosatida demokratiya birlamchi emas. Shuning uchun, deydi u, O’zbekiston hukumati nodemokratik yo'ldan ketaveradi.

"AQSh esa hozirgi manfaatlaridan kelib chiqib, ish ko’radi”, - deydi Oripov.

Amerikaning Toshkentdagi elchxonasida jurnalistlar bilan o`tgan uchrashuvda Barak Obama ma’muriyati O`zbekistonga nisbatan qanday siyosat yuritishi mumkinligi haqida so'z ketgan.

Davlat departamenti vakili Meri Xell Brayant (Mary Hell Bryant) qayd etishicha Barak Obama tashqi siyosat bo`yicha maslahatchi tayinlamaguncha biror aniq bayonot berish qiyin.

“Obama O`zbekiston bilan aloqalar haqida hali gapirmagan. Lekin muloqot yuritish zarur bo`lgan barcha davlatlar va yetakchilar bilan muzokora yuritishini bildirgan”, - deydi Brayant xonim.

Diplomatning aytishicha, Afg`oniston bo’yicha hamkorlik tufayli demokratiya va inson huquqlari masalasi chetda qoladi deyish noo`rin.

“Hukumatga kim kelishidan qat’iy nazar, AQSh siyosati uchun demokratiya birlamchi bo`lib qoladi”, - deydi u.

Sharhlovchi Komron Aliyev nazarida AQSh-O’zbekiston aloqalarida ijobiy o'zgarishlar bo'ladi.

“Bush davrida og`irlashgan, yomonlashgan munosabatlar tiklanib, Obama ma`muriyati qandaydir kelishuv bilan masalani hal etish yo`lini tanlaydi. O`zbekiston rahbariyati bu imkoniyatdan foydalanib qolishi mumkin. Sovuqchilikka asos bo`lgan voqealar - Xonoboddan AQSh harbiy bazasining ketishi va undan keyingi voqealar... Yangi prezident davrida avvalgi xafagarchilik unutilishi mumkin”, - deydi Aliyev.

Sharhlovchi Iskandar Xudoyberganov esa bu fikrdan yiroq. Uningcha aloqalar rivoji O’zbekiston hukumatiga bog`liq.

"Hukumat tutgan yo`lga qarab o`zgarishlar bo’lishi mumkin, lekin bunga ishonmayman. Demak, AQSh bilan munosabatlar sal sovushi yoki iliqlashishi mumkin, undan nariga bormaydi”, - deydi Iskandar Xudoyberganov.

XS
SM
MD
LG