Breaking News

O'zbekiston huquq himoyachilari Obama saylanadi degan umidda


O’zbekiston Huquq himoyachilari alyansi AQSh prezident saylovlarida Demokratik partiyadan nomzod Barak Obamani qo’llab-quvvatlamoqda.

Obamani yoqlovchi plakatlar bilan AQSh elchixonasi oldida yig’ilgan huquq himoyachilari fikricha, uning g’alabasi siyosiy o’zgarish demakdir.

“Siyosatdagi agressiyani yo’qotish, qurollanish poygasini to’xtatish va moliyaviy inqirozni yechishda ko’proq shu nomzoddan umidvormiz,” - deydi huquq faoli Yelena Urlayeva.

O’zbekistonda ayrimlar AQSh prezident saylovlarida Barak Obama g`alaba qilsa, o’zaro munosabatlar ijobiy tomonga o`zgaradi demoqda.

Siyosiy sharhlovchilar fikriga ko`ra esa, demokrat yoki respublikachi saylangani bilan AQSh-O’zbekiston aloqalarida siljish bo’lishi gumon.

Respublikachi prezident Jorj Bush davrida rasmiy Toshkent bilan aloqalar bir maromda kechmadi. “Aloqalar keskin sovuqlashgan paytlarga ham guvoh bo’ldik, yaqindan beri davlatlar sekin-asta bordi-keldi qila boshlagan,” – deydi ular.

Respublikachilar nomzodi, senator Jon Makkeyn O’zbekistonda bo’lgan, inson huquqlari yuzasidan hukumatni tanqid qilgan siyosatchi sifatida yaxshi tanish.

“Shunga e’tibor berish kerakki, demokratiya va inson huquqlari bo’yicha AQSh pozitsiyasi doim prinsipial bo’lib kelgan. Lekin AQSh lozim topsagina inson huquqlari bo’yicha muayyan davlatni tanqid qilgan, doim emas. Kim prezident bo`lishidan qat'iy nazar, respublikachi yo demokrat. Shunday ekan, buyog`iga tashqi siyosatda prinsipial tarzda o`zgarish bo`lmasligi mumkin”, - deydi siyosiy sharhlovchi Farhod Tolipov.

Sharhlovchilar so’zlariga ko’ra, O’zbekistonda o`zgarishlar qilish va demokratik davlatlar bilan aloqani rivojlantirish O`zbekiston hukumatiga qolgan ish.

Mamlakat ichdan o’zgarmas ekan, tashqaridan biror najot kutishdan foyda yo’q, deydi ular.

XS
SM
MD
LG