24 noyabr kuni Irlandiya poytaxti Dublinda huquq himoyachilarining xalqaro anjumani ish boshlaydi.
Yaqinda BMTning Qiynoqlarga qarshi qo'mitasi yig’ilishida O’zbekistondagi vaziyat muhokama qilingan. Inson huquqlari bobida O`zbekiston inqiroz yoqasida degan xavotirlar mavjud.
Inson huquqlari bo’yicha xalqaro tashkilotlar ma’lumotiga ko`ra, O`zbekistonda qiynoqlar va inson huquqlari bilan bo`gliq vaziyat og`irlashgan. Biroq BMTning qiynoqlarga qarshi qo`mitasi yig`ilishida chiqish qilgan O`zbekiston rasmiylari buni tilga olmagan.
Mazkur yig`ilishda O`zbekiston rasmiy delegatsiyasidan tashqari nodavlat tashkilotlar, “Ezgulik” va Qiynoqlarning oldini olish bo`yicha tezkor guruh vakillari qatnashgan.
O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ta’kidiga ko’ra, mamlakatda qiynoqlarni bartaraf etishga qaratilgan choralar amalga oshirilmoqda.
Yig'ilishda O'zbekistonda inson huquqlariga oid qator muhim savollar ko`tarilgan.
Jumladan, ekspertlarni qiynoq holatlari bo'yicha Ombusdmanning mustaqil tekshiruv o'tkaza olish vakolati qiziqtirgan.
“O`zbekiston delegatsiyasi bu savolga javob bera olmadi. Rasmiy hisobotda Ombudsman arizalarni tekshirishi ko`rsatilgan, lekin o’z tajribamizdan kelib chiqib shuni aytishimiz mumkinki, qiynoq holatlarini tekshirish bo`yicha inson huquqlari vakili hech qanday harakatlar qilmagan”, - deydi tezkor guruh vakili Suhrob Ismoilov.
BMT qo`mitasi mutaxassislarini qiziqtirgan masalalar quyidagicha: O`zbekistondan chiqarib yuborilgan xalqaro tashkilotlar faoliyati, nima sababdan Qizil Xoch Tashkiloti qamoqxonalarga hamon kiritilmayotgani va hokazo.
O`zbekiston rasmiy delegatsiyasi bu savolga ham to`liq javob bermagan.
Inson huquqlari bilan bog'liq vaziyat Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Jenevada o'tgan yig'ilishida ham muhokama qilingan.
2008 yildan mazkur tashkilotga raislik Finlyandiya zimmasiga o`tadi.
Shu munosbat bilan yaqinda Finlyandiya tashqi ishlar vazirligida Markaziy Osiyo huquq himoyachilari bilan uchrashuv o`tgan.
O`zbekiston tomonidan qatnashgan huquq faoli Tolib Yoqubov Yevropada O`zbekistondagi vaziyat haqida noto’g’ri xulosalar mavjudligi, huquq faollari qamoqda saqlanayotgani, shunday vaziyatda Yevropa Ittifoqi sanksiyalarni yumshatishi taajubli hol ekanini aytgan.
Inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromov o’tgan oy O`zbekistonda ikki mahbus qiynoqlardan vafot etganini ma`lum qiladi.
“Hozir shartlar O`zbekiston tomonidan qo`yilayotganga o`xshaydi. Nima qilish kerakligini O`zbekiston belgilayotgandek. BMT, Yevropa Ittifoqi, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti birgalikda harakat qilishi, bosim o`tkazishi kerak. Vaholanki, masalan, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti vakolatxonasi biz kabi norasmiy tashkilotlar bilan ishlamaslik haqida maxsus memorandum qabul qilmoqda”, - deydi Ikromov.