AQSh Davlat kotibi muovini Berri Lovenkron (Barry Lowenkron) o’tgan bir yilni inson huquqlari bobida chekinish davri deb ta’riflamoqda.
Liberiya va Indoneziya kabi davlatlarda huquq ahvoli yaxshilangani, Birma Xitoy va Shimoliy Koreyani esa adolatsiz rahbarlar boshqarayotgani aytiladi.
AQSh Davlat departamenti xususan o’zbekistonlik huquq faoli Umida Niyozovaga nisbatan hukmni tanqid ostiga olgan. Umida Niyozovaga yetti yillik qamoq jazosi berilgan. Shochilinch tarzda o’tkazilgan sudga chet el diplomatlari va jurnalistlar qo’yilmagan.
Umida Niyozova chegarani noqonuniy kesib o’tganlik, kontrabanda va xavfsizlik rahna soluvchi materiallarni tarqatganlikda aybdor topilgan. AQSh Davlat departamenti nazarida, ayblovlar ortida siyosiy maqsadlar bor.
O’zbekiston hukumati huquq faollari va fuqaro jamiyatiga bosim o’tkazishda davom etmoqda, deydi AQSh rasmiylari.
Qonunchilar oldida hisobot berar ekan, AQSh Davlat kotibi muovini Berri Lovenkron, Iroq va Afg’onistonda davom etayotgan mojarolar huquq bobida erishilgan yutuqlar beliga tepishi mumkin deydi.
“Birma, Kuba, Eritreya, Eron, Belarus va Zimbabveda hokimiyat tepasida o’tirganlar xalq oldida mas’uliyat sezmaydi, Rossiyada matbuot erkinligi bosim ostida, Xitoy va Kuba esa internet cheklovlari kuchaymoqda,” - deydi AQSh rasmiysi.
AQShning Diniy erkinlik bo’yicha mustaqil komissiyasi (U.S. Commission on International Religious Freedom) diniy tazyiq yuzasidan alohida tashvishga molik davlatlar ro’yxatiga bu yili ham O’zbekiston va Turkmanistonni kiritishni maslahat bermoqda.