O'zbekistonda muxolifatdagi "Serquyosh O`zbekistonim" koalitsiyasining hibsdagi rahbari Sanjar Umarovning turmush o`rtog`i Indira Umarova O`zbekiston Bosh prokuroriga ochiq xat yo'llagan. Maktubda Umarovning salomatligini tekshirish uchun mustaqil xalqaro tibbiy ekspertlar ishtirokidagi komissiya chaqirish talab qilinadi.
Indira Umarovaning yozishicha, u o'zining 30 yillik turmush o'rtog'ining sog'lig'idan qattiq xavotirda.
Shuningdek, Indira Umarova advokat Vitaliy Krasilovskiy tomonidan Sanjar Umarovga tibbiy xizmat ko`rsatilishi haqida berilgan arizaning hamon javobsiz qolayotganligidan ham tashvishda.
“Serquyosh O`zbekistonim” koalitsiyasi vakillariga ko`ra ayni paytda Sanjar Umarovning turush o`rtog`i O`zbekistonda emas.
O`zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati boshlig`i Svetlana Ortiqovaning aytishicha, ochiq xat hozirda ko'rib chiqilmoqda.
“ O`zbekiston bosh prokuraturasiga yuborilgan ochiq xat tergovchilar tomonidan o`rganilmoqda va tegishli ravishda javob beriladi. Sanjar Umarovning sog`ligi yaxshi, u tbbiy xizmatga muhtoj emas, deb hisoblaymiz. Lekin bundan qat'iy nazar, ochiq xat o`rganiladi va qonunchilikkka muvofiq tarzda javob beriladi”, - deydi Ortiqova.
Sanjar Umarov O`zbekiston prokuraturasi tomonidan 3,5 milliard so`m miqdordagi mablag`ni o`zlashtirganlikda ayblanib, hibsga olingan edi.
Kuzatuvchilarga ko`ra esa Sanjar Umarovning hibsga olinishi uning muxolifatdagi faoliyati bilan bog`liqdir.