Breaking News

Xelsinki Komissiyasida Markaziy Osiyoda siyosiy mahbuslar taqdiri ko'rildi


Xelsinki Komissiyasida Markaziy Osiyoda siyosiy mahbuslar ahvoli muhokama etilmoqda, Vashington, 15-may, 2012-yil
Xelsinki Komissiyasida Markaziy Osiyoda siyosiy mahbuslar ahvoli muhokama etilmoqda, Vashington, 15-may, 2012-yil

Markaziy Osiyoda inson huquqlari haqida gap borar ekan, siyosiy mahbuslar mavzusi chetlab o'tilmaydi. Bu toifaga, asosan, siyosat bilan shug'ullanadigan insonlar kirgani bilan O'zbekiston misolida siyosiy mahbuslar diniy sabablarga ko'ra qamalgan vijdon tutqinlari va mustaqil jurnalistlarni ham o'z ichiga oladi.

AQShning Diniy erkinlik bo'yicha xalqaro komissiyasi vakili Keti Kozmanning aytishicha, so'nggi 10 yilda O'zbekistonda 5000 ga yaqin odam diniy sabablar bilan qamalgan. Boshqa respublikalarda ham ahvol yaxshi emas, ammo son jihatdan O'zbekistondan ancha ortda.

"Diniy mahbuslarning ahvolini Kongressda bildirish zarur, toki raqamlar ortidagi haqiqiy insonlar fojiasi unutilmasin. Aksariyati asossiz qamalgan, qamoqda esa qiynoqqa solingan. Ular haqida jamoatchilikka jar solsak, ozod etilishiga hissa qo'shgan bo'lamiz. Qamoqdan erta chiqarishmasa ham, hech bo'lmaganda sharoitlari yaxshilanishi mumkin", - deydi Kozman.

Diniy erkinlik bo'yicha xalqaro komissiya dindorlarga bo'lgan siyosat o'zgarmaganiga ishora qilib, Davlat departamentini O'zbekistonga "alohida tashvishga molik davlat" degan tamg'ani yana qo'yishga chaqiradi. Bunday maqomdagi davlatlarga AQShning qator sanksiyalari qo'llaniladi, biroq 2009-yilda Davlat departamenti O'zbekistonni undan vaqtincha ozod etgan. Kuzatuvchilar nazarida bunga Afg'onistondagi xorijiy qo'shinlar uchun muhim yuk tranzitiga aylangan respublikaning AQSh uchun ahamiyati sababdir.

Xelsinki Komissiyasi (US Helsinki Commission) brifingida qamoqdagi muxbirlar taqdiri ham ko'rildi. Nyu-Yorkda asoslangan Jurnalistlarni himoya qilish xalqaro qo'mitasi vakili Muzaffar Sulaymonov so'zlariga ko'ra, bu borada ham O'zbekiston mintaqada birinchi.

"Konstitutsiyaga muvofiq matbuot erkinligini ta'minlash o'rniga mintaqa hukumatlari muxbirlarni ta'qib etishni odat qilgan. So'nggi 10 yilda O'zbekiston prezidenti Islom Karimov Yevropa va Markaziy Osiyo bo'ylab jurnalistlarni eng ko'p qamovchi rahbar nomini qozongan. O'zbekistonda kamida besh mustaqil muxbir qamoqda saqlanmoqda hozir. Prezidentning tanqidiy maqolalari uchun ruhiy kasalxonaga majburiy ravishda joylashtirilgan jiyani Jamshid Karimov o'tgan yil noyabrida ozod etildi", - deydi Sulaymonov.

Jurnalistlarni himoya qilish xalqaro qo'mitasi O'zbekistonni matbuotni eng kuchli senzura qiluvchi 10 davlat qatoriga qo'shgan. Tashkilot vakili Qirg'izistonda o'zbek jurnalisti Azimjon Asqarovning asossiz qamalganini ham tilga olib, respublikani rejim tanqidchisini umrbod qamoq jazosiga mahkum etgan minyaqadagi ilk davlat deb atadi.

Inson huquqlari faoli va jurnalist Azimjon Asqarov qirg'iz huquq-tartibot organlari safidagi ashaddiy qonunbuzarliklarni qog'ozga tushirgani uchun jazolandi.

Sanjar Umarov Xelsinki Komissiyasida O'zbekistonda siyosiy mahbuslar ahvoli haqida ma'ruza qilmoqda, Vashington, 15-may, 2012-yil
Sanjar Umarov Xelsinki Komissiyasida O'zbekistonda siyosiy mahbuslar ahvoli haqida ma'ruza qilmoqda, Vashington, 15-may, 2012-yil
Xelsinki Komissiyasida Sanjar Umarov ham so'zladi. Muxolif guruhlarni birlashtirgan "Serquyosh O'zbekistonim" koalitsiyasining rahbari 2005-yilda uyushgan jinoiy guruh tuzganlik, jamoat mulkini o'g'irlash, firibgarlik, soliq to'lashdan bosh tortganlikda aybdor deb topilib, 10 yilga qamalgan edi. Biroq Qo'shma Shtatlar aralashuvi bois to'rt yil o'tib ozodlikka chiqqan. Hozir AQShda istiqomat qiladi.

Uning aytishicha, siyosiy mahbuslarning qamoqxonadagi hayoti juda ayanchlidir.

"O'zi mahbuslarning huquqlari kam. Siyosiy mahbuslarda esa umuman yo'q. "prezident nazorati ostiga olingan mahbuslar" degan tushuncha mavjud. Bunday toifadagi mahbuslarning qamoqxonadan chiqishi qiyin. Muddati tugasa, bahona topib, yana qo'shib beraverishadi".

Sanjar Umarovning aytishicha, O'zbekiston adliya, sud, prokuratura va ichki ishlar tizimlarini jiddiy islohot qilish zarur.

"Masalan, mening ishimni oladigan bo'lsak, unga 16 ta ko'zga ko'ringan tergovchini jalb qilishgan. VIloyatlardan bittadan va Toshkent shahridan to'rt kishi. 67 tomli ish tayyorlashgan. Ammo ular bilan tanishsam, ichidagi har bir hujjatning bir necha nusxadan chiqarilib, ko'paytirilganiga guvoh bo'ldim. Qamoqxonalarni Ichki ishlar vazirligi nazoratidan chiqarib, Adliya vazirligiga topshirish kerak. Mahalliy sudlarni ham yuqoridan tayinlamasdan, xalq saylashi kerak", - deydi faol.

Sanjar Umarov nazarida Qo'shma Shtatlar O'zbekiston bilan hozir aloqalar ijobiy ekanidan foydalanib, rasmiy Toshkentni ana shu islohotlarga undashi lozim.

http://www.voanews.com/uzbek/news/central-asia-political-prisoners-151721905.html
  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG