Breaking News

AQSh inson huquqlariga doir yillik hisobotini taqdim etdi


AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton, Vashington, 24-may, 2012
AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton, Vashington, 24-may, 2012

Inson huquqlari ahvoliga doir yillik hisobotni taqdim etar ekan, AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Misrdagi saylovlar va Birmadagi siyosiy islohotlarga alohida to'xtaldi. Bu o'zgarishlar, deydi u, inson huquqlari kuchi-qudratini namoyish etmoqda.

Hujjatda O'zbekiston ham tilga olinadi

Toshkent
Toshkent
100 dan ortiq davlatlardagi ahvolni qamragan hujjatda O'zbekistonga bir necha sahifa ajratilgan. Unda qayd etilishicha, hibsdagilarning qiynoqqa solinishi, ularga qonundan tashqarida muomala qilinishi, sudda ishlarining adolatdan ko'rilmasligi, diniy erkinliklarning cheklanishi, diniy ozchilikdagi guruhlarga mansub insonlarning qamalishi eng katta muammolar qatoriga kiradi.

Bundan tashqari, deyiladi hisobotda, O'zbekistonda odamlarni hibsda qonunda belgilanganidan ortiq ushlab turish, yaqinlari bilan aloqani taqiqlash, qamoqxonalarda abgor sharoit yaratib, xo'rlash, bolalarni mehnatga majburlash kabilar ham dolzarb inson huquqlari muammolari.

Xillari Klinton deydiki, 2011-yil inson huquqlari uchun juda muhim yil bo'ldi.

Qohira
Qohira
"Yaqin Sharqdagi inqiloblardan tortib Birmadagi islohotlarning barchasi inson huquqlariga aloqador voqealardir. Oddiy odamlar haqqini talab qilishidan boshlangan jarayonlar bu", - deydi Klinton.

Masalan, deydi u, misrliklarda prezidentni saylash imkoni tug'ilib, ular shu huquqlaridan foydanmoqda.

"Saylov natijalaridan qat'iy nazar Misr xalqi orzusiga intilishda davom etadi. Va biz ularni bu ishda qo'llab-quvvatlaymiz. Dunyoning har chekkasida so'z, e'tiqod, uyushish erkinliklariga intiluvchi odamlarga ko'mak beramiz", - deydi Klinton.

Davlat kotibasi deydiki, 21-asrda barcha insonlarning huquqlari ta'minlanishi zarur. Gap fuqarolik yoki siyosiy erkinliklar emas, balki dunyo bo'ylab odamlarning imkoniyatlardan foydalana olishi haqida ketmoqda, deydi u.

Pekin
Pekin
"Bu yo'nalishda hali talay ishlarni qilish kerak. Hali ko'p joylarda hukumatlar fuqarolarini ta'qibga olishda, huquqlaridan ayirishda davom etmoqda. Suriyada esa nafaqat so'z yoki uyushish erkinligi xavf ostida, balki fuqarolarning hayotlariga tajovuz qilinmoqda. Assad rejimining o'z xalqiga nisbatan zulmiga chek qo'yilishi zarur, chunki suriyaliklar bundanda yaxshiroq hayotga loyiq", - deydi Klinton.

Davlat departamentida hisobotni tayyorlagan Demokratiya, inson huquqlari va mehnat bo'limi rahbari Maykl Poznerning aytishicha, Zambiya va Tunisda ahvol yaxshilanmoqda, Xitoyda esa huquq himoyachilarining ahvoli nazorat ostida.

"So'nggi bir necha yilda inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi advokatlar va faollarning ishlashi qiyinlashdi", - deydi Pozner.

Xitoyda buning uchun qo'shimcha choralar ko'rilayotgani aytiladi.

Hisobotda jahon bo'ylab yahudiylarga munosabat yomonlashgani, ahmadiya, bahai, tibetlik buddistlarga, irqiy va etnik ozchilikdagi guruhlar vakillari, nogironlar, ayni jins vakillari bilan aloqaga kirishgan odamlarga qarshi ta'qiblarning kuchaygani qayd etiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG