Breaking News

AQSh hukumatining Xelsinki Komissiyasi Andijon voqealari bo'yicha Kongress tinglovini o'tkazdi


Vashingtonda AQSh hukumatining Xelsinki Komissiyasi nomini olgan Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Komissiyasi Andijon voqealariga doir Kongress tinglovini o'tkazdi. Unda guvohlik qilish uchun Andijon voqelarini o'z ko'zi bilan ko'rgan taniqli journalist Galima Buxarbayeva O'zbekistondan keldi. Tarkibida AQSh Senatining va Vakillar palatasining to'qqiztadan vakili hamda Davlat departamenti, mudofaa vazirligi hamda savdo vazirligidan bittadan vakil a'zo bo'lgan Xelsinki Komissiyasida guvohlik berish uchun O'zbekistonda qayd etilmagan "Erk" partiyasining asoschisi Muhammad Solih ham Germaniyadan keldi.

Komissiya tinglovida ishtirok etish uchun nomlari ro'yxatda ko'rsatilgan na Pentagon va na AQSh Davlat departamenti vakillari tinglovga keldilar. Senator Braunbekning aytishicha, O'zbekiston hukumati va elchixonasiga ham unda ishtirok etish taklifi yuborilgan, biroq o'zbek tomonidan rad etilgan. Bir manbadan olingan axborotga ko'ra, O'zbekiston elchixonasi vakili O'zbekistondagi hukmga ko'ra terrorchi deb tan olingan Muhammad Solihning borligi tufayli, tinglovda ishtirok etmagan. "Biz terrorchilar bilan bir stol atrofiga o'tirmaymiz," dedi mazkur manba.

Andijonda bo'lgan xunrezlikni o'z ko'zlari bilan ko'rgan o'zbekistonlik jurnalist Galima Buxarbayeva va nemis jurnalisti Markus Bensmann hamda voqealarni o'rganib, maxsus hisobot chiqargan ikki yirik xalqaro tashkilot vakillari ham komissiya oldida guvohlik qildilar.

Ayrim mutaxassislar, AQShga Qarshi yaqinidagi Xonobod aviabazasini berish bilan, Karimov hukumati jahonda inson huquqlari poy-mol qilinishining asosiy tanqidchisi bo'lgan Qo'shma Shtatlarning tanqidiy ovozini ancha pasaytirishga muvaffaq bo'ldi, deb taxmin qilganlar. AQSh harbiy bazasining O'zbekistondagi taqdiri AQShda va jahonda katta bahslarga sabab bo'lmoqda. Tinglovda ishtirok etayotgan Kongress a'zolari ham bu borada guvohlarning fikri bilan qiziqdi.

Muhammad Solihning fikricha, AQShning harbiy bazasi mavzusi juda murakkab mavzu. Bir tomondan, u O'zbekiston uchun ekspansionist siyosatga ega Rossiya va Xitoy kabi qo'shnilardan himoya bo'lsa, boshqa tarafdan bazaning AQShga berilishi Karimov hukumatini tashqi tanqiddan saqlab kelmoqda.

Muhammad Solih: "Agar AQSh bu ikki narsani mujassamlashtira olsa, ya'ni bazani qoldirgan holda Karimov hukumatiga bosimni to'xtatmasa, u holda harbiy bazaning qolgani ma'qul. Chunki ba'zi ma'lumotlarga ko'ra Xitoy ham O'zbekistonda o'z harbiylarini joylashtirish ishtiyoqidan uzoq emas."

Galima Buxarbayeva ham, Markaziy Osiyoda anchadan beri ishlab kelgan Markus Bensmann ham, AQShning, boshqa davlatlardagidan farqli o'laroq, O'zbekistonda oddiy xalq orasida obro'si borligini qayd etdilar.

Galima Buxarbayeva: "O'zbekistonda odamlar AQSh ularga yordam beradi, deb umid qiladilar. Ayniqsa, may oyining boshida televizor orqali prezident Bushning Tbilisida erkinlik haqidagi ilhomlantiradigan ma'ruzalarini ko'rgandan so'ng, ular "AQSh nega O'zbekistondagi qirg'inni qoralamadi" deb hayron bo'ldilar."

Markus Bensmann ham o'zbekistonliklar Xitoyga emas, ko'proq Yevropaga, AQShga borgilari keladi, deb aytdi.

Markus Bensmann: "Markaziy Osiyoda islom ustuvor din bo'lganligi bilan, Amerikaga qarshi chiqishlarni ko'rmaysiz. Odamlar Amerikaga yaqin bo'lishni hohlaydilar."

Guvohlardan yana biri, Human Rights Watch tashkilotining vakili Xolli Kartnerning komissiyaga axborot berishicha, hozirda Qirg'izistonda boshpana topib turgan 500 ga yaqin andijonlik qochqinlarni O'zbekistonga chiqarish Qirg'iziston hukumati tomonidan u a'zo bo'lgan Qochqinlar haqidagi Jeneva konvensiyasiga xilof ish qilish bo'lar edi.

Guvohlardan boshqasi esa Xalqaro inqirozlar guruhining vakili Robert Templer AQSh va Yevropa Ittifoqi hukumatlariga O'zbekiston xalqaro tergovning olib borilishiga qarshi chiqishda davom etga holda qabul qilinishi kerak bo'lgan choralarni tavsiya qildi. O'zbekiston hukumati a'zolarining AQSh va Yevropaga chiqishlarini cheklash, hukumat vakillarining chet-eldagi bizneslarini chuqurroq taftish qilish, kichik xalqaro grantlarning ajratilishida O'zbekiston hukumati qo'ygan to'siqlardan o'tish yo'llarini topish, O'zbekistonlik talabalarni G'arb universitetlariga yuborish, inson huquqlair himoyachilari, huquqshunoslar va jurnalistlar uchun keng qamrovli treyninglar o'tkazish hamda O'zbekistonga tashqaridan o'zbek va rus tillarida radioeshittirishlarni ko'paytirish ana shunday choralar jumlasidandir.

Tinglovga yakun yasar ekan, Xelsinki Komissiyasi raisi senator Braunbek O'zbekistondagi ahvol juda jiddiyligini hamda hozirda AQSh hukumati doiralarida qabul qilinadigan keyingi qadamlar haqida bahslar ketayotganligini, aytdi.

Senator Sem Braunbek: "O'ylaymanki, tinglovga kelgan mehmonlarimiz biz bu borada nima qilishimiz kerakligi haqida bizga yaxshi axborot berdilar."

XS
SM
MD
LG