Amerika Qo'shma Shtatlarida so'nggi marta roppa-rosa o'n yil ilgari bo'lgan, O'zbekistonda qayd etilmagan "Erk" partiyasining asoschisi va hozirda Yevropada istiqomat qilayotgan Muhammad Solihning AQShga ikki haftalik safari o'z nihoyasiga yetdi. Vashington va Nyu Yorkda Birlashgan Demokratik Kuchlar Koalitsiyasining raisi sifatida kelgan Solih tashrifi davomida O'zbekiston kelajagi bilan qiziqayotgan va O'zbekistonga nisbatan AQSh siyosatining qanday bo'lishi kerakligi haqida munozaralar olib borayotgan ayrim siyosatchi va mutaxassislar bilan uchrashdi.
Muhammad Solih rasmiy Toshkent tomonidan O'zbekistonda 1999 yilda sodir etilgan terror xurujlarida qo'li bor hamda O'zbekiston Islom Harakati vakillari bilan aloqasi bor, deb terrorchilikda ayblangan va hattoki unga qarshi Toshkentda hukm ham chiqarilgan. Biroq O'zbekistonda 1991 yilgi prezident saylovlarida nomzod bo'lgan Solihning o'zi bu ayblovlarni rad etib kelmoqda.
Uning aytishicha, Andijon voqealaridan so'ng, muxolifat nihoyat birlashishga qaror qildi. U, shuningdek, Karimovga shu paytgacha hayrihoh bo'lib kelgan AQShdagi ba'zi konservativ tashkilotlar ham O'zbekiston jiddiy o'zgarishlarga muhtojligini tan ola boshladilar, dedi.
Muhammad Solih: "Aytgan gaplarimizni ular qiziqish bilan kutib oldilar. Avvalgiday loqaydlikni ko'rmadik. O'ylaymizki, Amerikaning O'zbekiston va O'rta Osiyo siyosati yaqin oylar ichida o'zgaradi va yangi bir siyosat bo'ladi, chunki bunday keyin ham ayni qolishi mumkin emas."
Hozirda koalitsiyaga Farg'ona viloyati hokimining sobiq muovini Avazkhon Muxtorov, O'zbekistonning Turkmanistondagi sobiq elchisi Abdurashid Qodirov, Gulnora Karimovaning sobiq hisobchisi Farhod Inog'omboev, Oliy Majlis sobiq deputati Abduvohid Pattayev va boshqalar kirganlar. Muhammad Solih muxolifatning Andijon voqealaridan keyin birlashish kerakligini anglab yetganligini yaxshi hol, deb hisoblaydi.
Muhammad Solih: "Men Amerikaga kelgan kunim do'stlarimiz kutib olishdi va o'zbek muxolifatining ba'zi vakillari men bilan uchrashmoqchi ekanini aytishdi. Yillarcha bir-biriga loy tashlagan odamlar bo'lsa ham, agar ular samimiy birlashishga intilgan bo'lsa, ularni kechirdim, dedim va uchrashuvga bordim. Biz hech qachon loy to'kish bilan shug'ullanmaganmiz. Biz birlashish uchun ba'zi shartlarni aytdik. Birlashish fikri barcha tomonidan qo'llab-quvvatlandi va hozir ham dialog ketyapti."
U, shuningdek, O'zbekiston hududidagi harbiy bazalarning Rossiya qo'shinlariga berilishi mumkinligi haqidagi xabarlarga salbiy yondashishini ma'lum qildi.
Muhammad Solih: "Mening bunga munosabatim salbiy, chunki Rossiya hali ham o'zining buyuk davlatchilik mafkurasidan voz kechgani yo'q. Shuning uchun ham buni xavfli deb bilaman. Rusiya o'zining geosiyosiy ta'sirini saqlab qolish uchun, u yerda o'z qo'shiniga ega bo'lsa, O'zbekiston davlatining ichki ishlariga aralashish imkoniga ega bo'ladi va bizning mustaqilligimizga ziyon yetishidan qo'rqaman. Shuning uchun men Rusiyaning u yerga o'z qo'shinini kiritishiga qarshiman. Rusiyaning u yerda bo'lishi Xitoyning ham ishtahasini ochadi va Xitoy ham u yerga kirishga intiladi.
Muhammad Solihning fikricha, O'zbekistonda klanlar tizimi, ko'pchilik o'ylaganidek, mahalliychilik asosida emas, balki iqtisodiy manfaatlar asosida faoliyat yuritadi. Muhammad Solih, shuningdek, prezidentlikka da'vosi haqida ham to'xtalib o'tdi.
Muhammad Solih: "Shu rejim ketmaguncha, o'zgarmaguncha, biz doim hokimiyatga da'vogar bo'lamiz. Mening prezidentlik qilish ishtiyoqim yoki muxabbatim yo'q. Lekin xalqim zulm ostida yashar ekan, bu zulmdan qutqarish uchun agar prezidentlik qilish kerak bo'lsa va hokimiyatga intilish kerak bo'lsa, biz intilamiz. Buni xizmat deb bilamiz. Agar birorta qahramon chiqib turib, bularni o'zgartirsa va biz buni qilamiz desa, men unga raxmat aytaman va o'zimning yozuvimni yozib, nafaqada o'tiraman."