Breaking News

Yevropa Ittifoqining O'zbekistonga sanksiyalari qisman amalda qoladi


Yevropa Ittifoqi nazarida O’zbekiston hukumati o’tgan oylar ichida qator ijobiy qadamlar tashladi. Bir necha faol qamoqdan ozod etildi.

Jumladan, deyiladi ittifoqning oliy siyosiy organi - Yevropa Kengashi qarorida, huquq himoyachisi Mo’tabar Tojiboyevaning erkinlikka chiqarilgani quvonarli hol.

Tojiboyevaning xorijga davolanish uchun borishiga ruxsat berildi, ammo faolning erkin harakat qilish huquqi tiklanishi lozim.

Bugungi bayonotda o’tgan hafta Nukusda mahalliy jurnalist Solijon Abdurahmonovning 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgani tilga olinmaydi. Abdurahmonov qoradori savdosida ayblanadi, ammo himoyachilar uning aynan rahbariyatga nisbatan tanqidiqiy maqolalari uchun panjara ortiga tashlanayotganini ta’kidlaydi.

Yevropa Ittifoqi bayonotida O’zbekistonda qabul qilingan qonunlar, xususan bolalar huquqini kafolatlovchi xalqaro konvensiyaning ratifikatsiya qilingani e’tirof etiladi.

Lekin, deya xulosa qiladi Yevropa Kengashi, respublikada inson huquqlari ahvoli hamon achinarli.

O’zbekiston hukumati o’z bo’yniga olgan barcha xalqaro majburiyatlarni bajarishi, huquq bilan bog’liq jamiki qonunlar amalga oshirilishini ta’minlashi, panjara ortida o’tirgan huquq himoyachilarini ozod etishi, ularga tazyiq o’tkazishni bas qilishi, huquq himoyasi bilan shug’ullanadigan xalqaro tashkilot - "Human Rights Watch" ni ro’yxatdan o’tkazib, uning mamlakatda ishlashi uchun sharoit yaratishi, qiynoqlarga qarshi choralar ko’rishi, so’z erkinligi bobida BMT bilan hamkorlik qilishi va fuqaro jamiyatiga yo’l ochishi - nohukumat tashkilotlarning bemalol ishlashiga ruxsat berishi lozim.

Yevropa Ittifoqi qayd etishicha, O’zbekiston hukumati adliya tizimi va boshqa sohalarni isloh qilishda davom etishi, qonun ustuvorligi va demokratik taraqqiyot uchun ter to’kishi va barcha zarur qadamlar tashlanishi kerak.

Yuqorida tilga olingan vaziyat va talablarni nazarda tutgan holda, Yevropa Kengashi O’zbekistonga qurol-aslaha sotmaslik haqida qarorini yana bir yilga cho’zmoqda.

20005 yildagi Andijon voqealarida qo’li borligida shubha qilinib, Yevropa Ittifoqiga kirishi man etilgan ayrim rasmiylar uchun esa hozircha darvoza ochiq. Yevropa Kengashi bunday qarorga 2007 yilda kelgan edi. Sanksiyalar uch yil oldin qo’yilgan. Shundan beri har olti oyda qayta ko’rib chiqilmoqda.

Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo davlatlari, xususan O’zbekiston hukumati bilan til topishishga, bu jamiyatlar oldida turgan murakkab masalalarga o’zaro muloqotlar orqali yechim topib, bu mintaqada o’z siyosiy va iqtisodiy manfaatlarini himoya qilishga urinmoqda.

Tanqidchilar nazarida esa demokratiya va erkinlik haqida tinmay javraydigan ittifoq Markaziy Osiyoda tobora ildiz otib borayotgan avtokratik tuzumlarga va ular olib borayotgan repressiv siyosatga ko’z yummoqda.

Mintaqaning yonilg'i boyliklariga katta umidlar bog'lagan Yevropa, ba'zi huquq himoyachilari fikricha, o'z tamoyillariga qarshi siyosat yuritmoqda.

Yevropa Kengashida ittifoqqa a'zo davlatlar rahbarlari va qonunchilik organi - Yevropa Komissiyasi raisi o'tiradi. Ayni damda uni Fransiya boshqarmoqda.

XS
SM
MD
LG