Xalqaro tashkilotlar nazarida, totalitar mamlakatlarda Internetdagi axborot resurslari ta'qib ostiga olinmoqda. Jumladan rasmiy Toshkentning so`z erkinligi borasida islohotlar o`tkazish va`dasi hanuz va`daligicha qolmoqda. Matbuot mutlaq nazoratga olingan bir paytda ta'qiblar endi ko`proq Internetdagi mustaqil axborot manbalari va Internet jurnalistlariga qaratilmoqda.
O`zbekistonda Internetning o`rni kengaymoqda, undan foydalanuvchilar soni 2 million atrofida.
Biroq shu bilan birga Internet axborot vositalariga to`siq qo'yish ham keng quloch yozmoqda.
Internetni nazorat etuvchi idoralar tomonidan ta`qiqlangan saytlar maxsus ro`yxati tuzilgan.
Unga O`zbekistondagi hayot haqida ma'lumot tarqatuvchi barcha mustaqil axborot vositalari kiritilgan.
""Amerika ovozi", "Ozodlik", "BBC" sahifalarini ochish qiyin. Ayrim Internet kafelarga kirsangiz, O`zbekistonga qarshi qaratilgan saytlarga kirish man etiladi yoki jarima solinadi deb yozib qo`yilgan. Lekin bunday saytlar nomlari ko`rsatilmagan", - deydi mustaqil jurnalistlardan biri.
Matbuot Qirg`iziston, Qozog`iston, Tojikistonda ham rivojlanmoqda. Qo`shni davlatlarda nafaqat Internet nashrlar, balki mustaqil gazetalar ham qiyinchilik bilan bo`lsada faoliyatini davom ettirmoqda.
O`zbekiston mintaqada aholi soni jihatdan axborot bozorining eng yirik iste`molchisi bo`lishi mumkin.
Biroq erkin matbuot, jumladan Internet jurnalistikasining keskin ta`qibga uchrayotgani axborot bo`shlig`ini kengaytirmoqda.
Yaqinda so`z erkinligi bilan shug'ullanuvchi bir nechta xalqaro tashkilot hisobot e`lon qilgan. O`zbekiston ana`naviy tarzda bu hisobotlarda so`nggi o`rinlardan birini egallab keladi. Hukumat bunday hisobotlarni inkor etadi. Mamlakatda demokratik islohotlar o`tkazilayotgani, so`z erkinligi rivojlanayotgani yuqori minbarlardan ham takrorlanadigan so`zlar.
"Hukumatning so`z erkinligi ta`minlangani haqidagi gaplari ko`zbo`yamachilik xolos. Haqiqatda esa mamlakatda so`z erkinligini ta`minlash, axborot vositalarini demokratlashtirish uchun biror ish qilinayotgani yo`q", - deb hisoblaydi mustaqil jurnalist.
Erkin so`z imkoniyatidan nafaqat jurnalistlar, balki muxolif partiyalar ham mahrum. O`zbek muxolifatiga tegishli Internet sahifalarga kirish ham ta`qiqlangan.
"Internet odamlar hayotiga kirib keldi. Axborot vositasi sifatida o`rin egalladi. Internetni ham xuddi matbuot, radio, televideniye kabi qo`lga olaman deyish imkonsiz va axmoqona ish. O`zbekistonda haqiqiy axborot va axborot manbasini yo`q qilish, uni obro`sizlantirishga harakat juda kuchli", - deydi muxolifatdagi "Erk" partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov.
Ma`lumotlarga ko`ra Markaziy Osiyoda Internet jurnalistikasini ta`qiqlash tajribasi faqat O`zbekiston va Turkmanistonda qo`llanadi.
O`zbekistonda Internetdagi tanqidiy maqolalari bilan tanilgan bir necha jurnalist qamoqda saqlanmoqda.