O’zbekiston hukumati mamlakatda paxta yig’im-terimi davlat rejasiga muvoviq bajarilganini e’lon qildi. Sifatli xom ashyoni tayyorlab bergan paxtakor esa foyda ko’rish u yoqda tursin, davlatdan qarzdor bo`lib qolayotganidan nolimoqda.
O`zbekistonda xalqaro paxta yarmarkasining ochilishi prezidentning paxtakorlar va mehnatkashlarga yo`llagan tabrigi bilan bir paytga to`g'ri keldi.
17 oktyabr kuni e’lon qilingan tabrikda 3 million 600 ming tonna sifatli paxta xom ashyosi tayyorlab, ulkan mehnat g`alabasini qo`lga kiritgan paxtakorlar chin qalbdan, samimiy muborakbod etiladi.
Xuddi shu kuni Toshkentda ish boshlagan xalqaro paxta yarmarkasiga dunyoning ko`plab mamlakatlaridan paxta savdosi bilan shu`gullanuvchi kompaniyalar tashrif buyurgan. Ko’rgazmada bir qator shartnomalarning imzolanishi ko`zda tutilmoqda.
O`zbekiston paxtasiga, asosan, Xitoy, Bangladesh, Pokiston, Janubiy Koreya kabi davlatlar xaridor bo`layotgani haqida ma`lumotlar bor.
Kuzatuvchilar fikricha, paxta savdosi bo`yicha shartnomalar, asosan, O`zbekiston tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi yoki unga qarashli kompaniyalar bilan imzolanadi. Bu bitimlarning bosh sababchisi bo`lgan paxtakor esa daromaddan chetda qolib, hatto davlatdan qarzdor bo`lib qolishi mumkin.
O`zbekiston prezidentining paxtakorlarga tabrigi o’z yo’liga. Daladagi oxirgi hosil hukumatga topshirilmaguncha yig`im terim ishlari davom etaveradi.
Huquq himoyachisi, ayni paytda fermerlik bilan shug`ullanayotgan Ma’murjon A`zimovning so’zlariga qaraganda, davlat rejasi bajarilgan bo’lsada, mahalliy hokimiyat yi`gim-terimni davom ettirish choralarini kuchaytirmoqda. Yaqinda vazirlik tomonidan o`tkazilgan majlisda tegishli ko`rsatma berilgan.
Bu yil bir kilogramm chigit bahosi ming so`m qilib belgilandi. Buning oqibatida fermer daromaddan yutqazdi, deydi Ma’murjon Azimov:
“Bu yil oliy navli paxta uchun 347 so`m atrofida narx belgilangan. Bir kilogramm chigit esa ekish mahali dehqonlarga ming so`mdan tarqatildi. Bundan tashqari, bir kilo kimyoviy dorining narxi 275 so`m, tonnasi 275 ming so’m. Yozi bilan texnikaga ketadigan xarajatlar, mehnat kuchi, xilma-xil dorilarning berilishi, sug`orish… Oxir oqibatda yetishtirilgan paxta arzimagan pulga aylanadi”, - deydi fermer.
Kuzatuvchilar fikriga ko’ra, O`zbekistondagi eng daromadbop sohalardan biri paxta eksportidir. Bu mahsulot eksporti bilan faqat O`zbekiston tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligiga qarashli kompaniyalar shug`ullanadi. Mazkur kompaniyalar, asosan, amaldorlarining yaqinlariga qarashli ekanligi ta`kidlanadi.
Dehqon paxta hosilidan manfaatdor emas. Fermerga erkinlik berilgan taqdirda u ixtiyoriy ravishda paxta ekish bilan shu`gullanardi, deydi fermer Ma`murjon A`zimov.
“Fermer sifatida shuni aytishim mumkinki, dehqonga erkilik berilib, hosilni o`zi sotadigan bo`lsa, boshqa ekin ekmasdim yerimga. Hatto ariqning uvatiga ham paxta ekardim. Chunki men manfaatdorman. Manffatdor bo`layapmanmi, terimchilar bo`ladimi, ishchilar bo`ladimi, o`shalarning aytgan pullariga qarab ish haqi to`g`rilab beraman”.
Fermer nazarida bunday sharoitda raqobat paydo bo`ladi. Masalan, terim uchun Qozog`istonda yuz so’m berilsa, u ham yuz so`m to`laydi:
“Natijada, O`zbekiston fuqarolari ixtiyoriy ravishda paxtani terib beradi, maktab o`quvchilarini, talabalarni paxtaga jalb qilishga hojat qolmaydi”, - deydi Ma`murjon A`zimov.
Ma’lumotlarga qaraganda, hukumat kelasi yil paxta rejasini oshirish taraddudida. Bu yil ham o`tgan yilga nisbatan 20 foizga ko`p hosil yig`ilgani ta`kidlanadi.
Mahalliy mutaxassislarning aytishicha, tuproqshunoslarni tashvishlantirayotgan boshqa bir muammo ham bor. Hozirda sho`rlanayotgan va hosildorligi pasaygan yerlarda kimyoviy vositalar sobiq sovet davridagidan ham ko`p ishlatilmoqda. Yaqin keljakda ekin uchun mo`ljallangan yerlar bir necha barobar qisqarishi mumkin.