Breaking News

O'zbekiston paxtasi ustidan xalqaro bahslar davom etmoqda


Londonda asoslangan Ekologik Adolat Jamg’armasi (Environmental Justice Foundation) nazarida O’zbekistonning paxta siyosati xalqni ezmoqda.

Tashkilot respublikani paxta terimida bolalarni zo’rlab ishlatayotganlikda ayblab, xalqaro hamjamiyatdan bunga qarshi chora ko’rishni so’ramoqda.

Ayrim tomonlar esa bolalarning paxta terishini endi bildikmi? - deya hayron.

Boshqalar, jumladan Yevropadagi ikki yirik savdo tizimi o’zbek paxtasi ishlatilgan mahsulotlarni xarid qilmaslikka va sotmaslikka qaror qilgan. Finlyandiya ham shu yo’ldan borishga ishora qilmoqda.

Avvalombor, O’zbekiston paxta sanoati tanqid qilinganda faqat bolalar mehnatiga ishora qilinmayotganini aytish joiz.

Islom Karimov ma’muriyati G’arbda o’zbek paxtasiga nisbatan shakllanayotgan salbiy qarashlarga rasman javob bermayapti, lekin amaldorlar orasida zimdan turib “Bizni ko’risha olmayapti. O’zbekiston paxtasiga talab naqadar kuchli ekanini ko’rib, bizga baxillik qilishayapti” deyayotganlar bor.

"O'zbek paxtasini olmay kim yutqazadi? Bundan faqat xalq yutqazadi. Yevropa yutqazadi. O'zbek paxtasi g'arbga bo'lmasa, shaqqa sotiladi. Shu tariqa g'arb Markaziy Osiyodagi mavqeini boy bermoqda",- deydi Toshkentdagi siyosiy sharhlovchilardan biri.

Markaziy Osiyoda paxta qadim asrlardan beri yetishtiriladi va boshqa paxta ekuvchi mamlakatlar singari asosan qo’lda teriladi. Masala nega aynan hozir ko’tarilayapti?

Ekologiya muhofazasi va inson huquqlari uchun kurashuvchi xalqaro tashkilot xodimi Julietta Vilyams (Juliette Williams) O’zbekistonda paxtadan uning repressiv hukumati vakillari foyda ko’rmoqda deydi.

Sovet davrida ham paxtani yoshlarga zo’rlab terdirishgan, ammo bugun nega bunday siyosatga nuqta qo’yilmayapti deya so’raydi mutaxassis.

“Bugungi ahvol mustaqillikdan oldingi ahvoldan battar ekanini bizga dehqonlarning o’zi aytmoqda. Yiliga kamida 400 ming bola paxta dalalarida juda oz haq evaziga ishlatiladi, agar shu haq ham to’lansa”,- deydi Julietta Vilyams.

Ekologik Adolat Jamg’armasi Islom Karimov hukumatini dunyodagi eng zolim davlatlar qatoriga qo’shadi. Erkinlik cheklangan jamiyatda tor doira vakillari manfaati uchun xizmat qilayotgan paxta daromadi oddiy xalqni yanada nochor ahvolga solib qo’ygan, deyiladi tashkilot hisobotlarida.

Vashingtonda joylashgan Xalqaro Paxta Qo’mitasi (International Cotton Advisory Committee) vakili Terri Taunsend (Terry Townsend) esa O’zbekiston hayoti bilan chuqurroq tanishmay salbiy xulosaga kelish xato deydi. Biroq respublika paxta dalalarida bolalar ishlatilishini inkor etmaydi.

"O’zbekiston bizning qo’mitaga a’zo 44 davlatdan biri. Biz bu davlat bilan yaqindan ishlab kelamiz va yillik paxta anjumanlarida ishtirok etamiz. O’zbekistonni jahon paxta sanoati va bozori haqida ma’lumot bilan ta’minlaymiz. Shuni bilamizki, O’zbekiston - paxta sanoati uchun muhim biotexnologiya sohasida jahonda yetakchi davlatlardan. Tashkilotimiz a’zo davlatlar siyosati uchun javob bermaydi, ammo tanqid qilish uchun avvalo masalani izchil o’rganish kerak”.

O’zbekiston yiliga 800 ming tonna paxta eksport qiladi va undan 1 milliard dollardan ziyod daromad oladi. Bu respublika cho’ntagiga umum eksportdan tushadigan naqd pulning qariyb 60 foizi.

O’zbekiston paxta eksporti bo’yicha jahonda AQSh va Hindistondan keyin uchinchi o’rinda. Paxta yetishtirish bo’yicha esa Xitoy, Hindiston, AQSh, Pokiston va Braziliyadan keyin oltinchi o’rinda.

Yevropa, jumladan Yevropa Ittifoqi va Shveytsariya O’zbekistondan yiliga 350 million dollarga yaqin paxta sotib oladi.

Shu bois ham o’zbek paxtasining yaqinda Yevropadagi ikki katta biznes tomonidan rad etilgani Karimov hukumatini o’ylantirib qo’ygan bo’lsa ajabmas deydi Julietta Vilyams, paxta terimida majburiy mehnatga qarshi kampaniya yuritayotgan tashkilot xodimi.

“Jahonning uchinchi eng yirik savdo tizimi – Tesko yaqinda o’zbek paxtasi ishlatilgan mahsulotlarni o’z rastlariga qo’ymasligini ma’lum qildi. Marks & Spencer supermarket tizimi ham shunday qarorga kelgan. Bu Yevropadagi xaridorlarga paxtadan ishlangan mollar ortida og’ir va azobli mehnat yotishini bildiradi. Odamlarni o’ylantiradi. Moliyaviy jihatdan balki O’zbekiston uchun katta zarar emasdir, chunki uning paxtasiga Rossiya, Xitoy va Hindiston kabi yirik davlatlarda talab katta ekani ma’lum”.

Jahon paxta sanoati juda murakkab tuzilishga ega. Oddiy qilib aytganda, bir davlatda yetishtirilgan paxtadan boshqa davlatda tola olinadi, yana boshqasida to’qiladi, yana boshqasida mahsulot ishlab chiqariladi. Yana bir boshqasida bozorga chiqariladi.

Paxta eng ko’p suv talab qiladigan ekinlardan. Uni yetishtiruvchi hududlar qurg’oqchilikka mahkum. Bu esa ekologiya va insonlarga qiyin tushadi deydi Julietta Vilyams.

O’zbekistonda, Ekologik Adolat Tashkiloti hisobicha, bir yarim million gektarga paxta ekilarkan, bu nafaqat respublika, balki butun Markaziy Osiyo hayotiga o’z ta’sirini ko’rsatadi. Qoraqalpog’iston eng ko’p jabr ko’rayotgan hudud deydi mutaxassislar.

O’zbekistonning G’arbdagi tanqidchilari nazarida paxta xalq farovonligi uchun xizmat qiladi deyish qator muammolarga ko’z yumish bo’ladi. Hukumat korrupsiya botqog’ida ekan, tizim oshkora emas ekan, paxtadan tushgan daromad kimning xaltasiga tushayotganini bilish ham qiyin.

O’zbekiston bilan hamkorlik qiluvchi Xalqaro Paxta Qo’mitasi vakili Terri Taunsend u yerda avtoritar tuzum hukmron ekani sir emas deydi.

“Bu davlat o’z paxta siyosati haqida dunyo to’g’ri tasavvurga ega bo’lishini istasa, erkinlikka yo’l bersin. Chet el jurnalistlariga paxta dalalaridagi asl ahvolni yoritish uchun imkon bersin. Toki xalqaro jamoatchilik bu xalqning bugungi kuni va paxtasi bilan hech qanday to’siqsiz tanisha olsin”.

Oq oltin yetishtirish og’ir mehnat talab qiladi. "Qaysi paxtakor davlatga bormang, dalada qo’l mehnatidan foydalanilayotganini ko’rasiz",- deydi Terri Taunsend.

Xalqaro Paxta Qo’mitasi Ekologik Adolat Jamg’armasi bilan bir fikrda kelishadi: O’zbekistonda paxtaga nisbatan sovetcha siyosatdan voz kechish davri kelgan. Qancha paxta yetishtirishni hukumat emas, dehqon hal etsin. Yillik plan va kvotalar bekor qilinsin. Bu tashkilotlar nazarida paxta jahon bozorida xaridorgir mahsulot, demak respublikada uni yetishtirish kamayib qolmaydi. Paxtakorning daromaddan ko’ngli to’qmi, o’zi bilib ish tutadi. Monopoliyaga hojat qolmaydi deydi O’zbekiston bilan ishlab kelayotgan xalqaro qo’mita rasmiysi.

Terri Taunsend fikricha o’zbek paxtasini boykot qilish respublika rasmiylari bilan muloqot yo’llarini yopadi. Achchiqlangan davlatlar tanqidchi bilan bir davrada o’tirishdan bosh tortadi. Boykot, shuningdek, xaridorni paxta mahsulotlaridan uzoqlashtirishi mumkin.

“Odamlarning sun’iy toladan emas, paxtadan ishlangan kiyim-kechak kiyishini ma’qul ko’ramiz”,- deydi Xalqaro Paxta Qo’mitasi vakili.

“Paxta bebahomi”, - deydi bunga javoban britaniyalik mutaxassis Julietta Vilyams, “uni ekayotgan, parvarishlayotgan va terayotgan insonlar ham qadrlansin.”

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG